O'zFHM rahbari: "Paragvay iflos futbol bilan yutmoqchi bo'ldi, Tantashevga 1 baho berilgani esa yolg'on - FIFAda bunday baholash tizimi yo'q"

Iskandarov Abdulaziz
9 iyul 2026, 14:14
"Tezkor studiya"ning Jahon chempionatiga bag'ishlangan maxsus ko'rsatuvlari davom etmoqda.

Efirning navbatdagi sonida O'zbekiston futbol hakamlari markazi (O'zFHM) rahbari, sobiq referi Mamur Saidqosimov, shuningdek, Tolibjon Qosimov va Narzulla Saydullaev ishtirok etishdi. Ko'rsatuv davomida Mamur Saidqosimov futbol qoidalaridagi so'nggi o'zgarishlar hamda hamyurtimiz Ilgiz Tantashevning Paragvay - Fransiya uchrashuvidagi hakamligi xususida atroflicha fikr bildirdi.

504817.jpg



JCHdagi yangi qoidalar va ularning Superligaga tatbiq etilishi


Mamur Saidqosimov: - Jahon chempionatida eng sara hakamlar ishtirok etadi. Ular FIFA tomonidan 4 yil davomida kuzatilib, saralab boriladi. Ayni paytda referilar IFAB va FIFA tomonidan o'yin qoidalariga kiritilgan so'nggi o'zgartirishlar asosida ish olib borishmoqda.
Muxlis sifatida qarash boshqa, ichiga kirib, mutaxassis ko'zi bilan tahlil qilish boshqa. E'tibor bergan bo'lsangiz, mundialda deyarli o'ta qo'pol, qo'rqinchli xatolar uchrayotgani yo'q. Darvozabonlar to'pni o'yinga kiritayotganda 5 soniyalik qoidani buzmaslikka harakat qilyapti, jamoalar ham o'yinni tezroq boshlash lozimligini tushunib yetishdi. Umuman olganda, hakamlar uchrashuvlarni yuqori darajada boshqarib borishmoqda.
Shu o'rinda, IFAB tomonidan kiritilgan bir qancha muhim yangiliklarga to'xtalib o'tsak:
Maydonni tark etish: Almashtirilayotgan futbolchi 10 soniya ichida maydondan chiqib ketishi kerak. Agar bu vaqt ichida chiqmasa, uning o'rniga tushadigan o'yinchi maydonga kiritilmaydi (jamoa vaqtincha bir kishi kam bo'lib qoladi).
Autlar va darvozadan to'p kiritish: Autdan to'pni o'yinga kiritish uchun 5 soniya, darvoza maydonchasidan zarba berish uchun esa 15 soniya vaqt ajratiladi.
Jarohatlar: Agar futbolchi maydonda jarohat olsa, unga tibbiy yordam ko'rsatilgach, kamida 1 daqiqa maydon tashqarisida qolishi shart.
Bundan tashqari, VAR hakamlari ishiga ham qo'shimchalar kiritildi. Ayni paytda O'zFHM instruktorlari Jahon chempionati o'yinlari asosida maxsus taqdimotlar tayyorlab, jamoalarimizga tushuntirish ishlarini olib borishmoqda. Superliganing 16-turidan boshlab mana shu yangi qoidalarni mahalliy chempionatimizda qo'llashni boshlaymiz. Tez orada futbolchilarimiz Osiyo Kubogida qatnashadi, agar bu yangiliklarni hozirdanoq joriy qilmay, cho'zib yursak, xalqaro maydonda yigitlarimizga juda qiyin bo'ladi.

cdf351af-e44f-4687-8b7a-31909d2d32ba.png



O'zbek hakamlarining istiqboli haqida

Jahon chempionatida hakamlik uchun yosh chegarasi 45 yosh etib belgilangan. Shu bois, Ilgiz Tantashevda keyingi mundialda ham qatnashish imkoniyati bor.
Quvonarlisi, orqadan yaxshi hakamlarimiz yetishib chiqyapti. Misol uchun, FIFA hakamlarimiz Asker Najafaliev va Rustam Lutfullinni keltirish mumkin. Asker yaqinda UEFAning 17 yoshlilar o'rtasidagi musobaqasini boshqarib qaytdi. Taniqli mutaxassis Farhod Abdullaev bilan gaplashganimda, UEFA vakillari hakamlarimizning ishidan juda mamnun bo'lishganini aytdi. Nazoratchilar ularning maydon ichi va tashqarisidagi o'zini tutishini yuqori baholashgan. Ishonamanki, keyingi Jahon chempionatlarida hakamlarimiz soni yanada ko'payadi. Bu borada tizimli ishlar olib borilmoqda, qolgani esa hakamlarning o'z ustida ishlashiga bog'liq.

"Paragvay iflos futbol o'ynadi..."


Ilgiz Tantashevning Paragvay - Fransiya uchrashuviga tayinlanganini eshitganimda, ichimdan "uh" degan xavotir o'tdi. Chunki yigitlarimizni chinakam olov ichiga tashlashgandi. Guruh bosqichidan farqli o'laroq, pley-offda jamoalar qanday yo'l bilan bo'lmasin, faqat natija uchun harakat qilishadi.

"Paragvay futbol o'ynab emas, raqibni urib-turtib, maydonda jang qilib natija chiqarmoqchi bo'ldi. Toza futbol o'ynaganida, baribir Fransiyani yuta olmasdi. Fransiyaliklar esa o'zlarini bosib, sovuqqonlikni saqlab qolishdi. Boshqa jamoa bo'lganida, asablar dosh bermay, qizil kartochkalar soni ko'payib ketishi hech gap emasdi. Janubiy amerikaliklar o'zlarining "isqirt" futbolini o'tkazishga urindi, ammo Fransiya baribir o'z o'yinini namoyish eta oldi."

Snimok ekrana (447).png


Ehtimol, boshidayoq 1-2 ta sariq kartochka ko'rsatilganida o'yin tinchlanishi mumkin edi, degan fikrlar bo'lishi tabiiy. Ilgiz bilan gaplashganimda, o'yindan keyingi tahlilda nazoratchilar ham buni takidlashganini aytdi. Lekin Ilgizning ham o'z argumenti bor: "Jahon chempionatida o'yin tizginini buzib qo'ymaslik muhim edi. Chunki bitta keskin qaror zanjirdek ulanib, vaziyatni yanada chigallashtirishi mumkin edi". Agar u ketma-ket sariq va qizil kartochkalar berib, futbolchilarni haydaganida ham, baribir katta muhokamalar kelib chiqardi. U imkon qadar o'yin jilovini qo'ldan chiqarmaslikka intildi. "Maydonda katta ajiotaj yoki hakamga tashlanish holatlari bo'lmadi, ko'proq og'zaki tanbeh bilan cheklandim", dedi Ilgiz. Bu uchrashuv uning kelajagi uchun ulkan tajriba maktabi bo'ldi.

Ochig'ini aytganda, bizni xursand qiladigan jihati - hamyurtimiz o'z faoliyatidagi ilk Jahon chempionatiga borib, naq 3 ta uchrashuvni boshqarishga ulgurdi.

"Tantashevga 1 baho berilgani - safsata"

Fransiya nashrlari Tantashevning hakamligini keskin tanqid qilib, unga "1 baho" qo'yilgani haqida yozib chiqishdi. Aslida xalqaro hakamlikda bunday baholash tizimi umuman mavjud emas. Baholash 10 ballik tizimda olib boriladi. Agar hakam o'yin natijasiga bevosita ta’sir qiladigan qo'pol xatoga yo'l qo'ysa - masalan, aniq penaltini bermasa, nohaq qizil kartochka ko'rsatsa yoki ofsayddan urilgan golni hisobga olsa - uning bahosi eng past ko'rsatkich, yani 7,4 ball etib belgilanadi. Shundan so'ng o'sha hakam musobaqadan chetlatiladi.
Tantashev tomonidan esa o'yin natijasini o'zgartirib yuboradigan bunday qo'pol xato bo'lgani yo'q. Maydondagi penalti vaziyatida unga VAR yordam berganini tan olish kerak. Ilgiz o'sha vaziyatda poziciya tanlashda biroz xatoga yo'l qo'ygandi - ko'rishni to'sib turgan 3 ta futbolchi ortida qolgani uchun folni payqamay qoldi. Ammo VAR bu yerda yordamga keldi. VAR shuning uchun ham yo'lga qo'yilgan.

503349.jpg



Ilgiz Tantashev hali O'zbekistonga qaytgani yo'q. U ayni paytda Jahon chempionatida o'z faoliyatini davom ettirmoqda.

Homiylarimiz: CAU, “InfinBank”, “AKFA”“Ucell” “TT LLC”“Black Cofee”“OfoTour”

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif