

2020 yil kovid sabab yuzaga kelgan karantinda arxiv suratlar, ma'lumotlar jamlashga rosa qiziqqan edim. Futbol uchrashuvlari to'xtagan, stadionlar yopilgan va butun dunyo kasallik bilan kurashayotgandi. Men esa uydan chiqmagan holda terma jamoalarimiz, klublarimiz, tarixdagi mashhur futbolchilarimiz, alam va zavq bergan o'yinlarni izlagan holda bir joysha yig'gandim. Bunga ham 6 yil bo'libdi. Balki siz bu suratlarni ko'rgandirsiz yoki yo'q, lekin qiziq bo'lsa kerak degan ilinjda sizga havola qilishga qaror qildim.

Renat Bayramov 2002 yilgi Osiyo o'yinlarida O'zbekiston U-23 terma jamoasi safida Falastin terma jamoasiga qarshi. Renat Bayramovni muxlislar “Paxtakor” safidagi o'yinlari orqali yaxshi bilishadi

Farhod Magometov 1994 yilgi Xirosima mezbonlik qilgan Osiyo o'yinlarida terma jamoamiz sardori bo'lgan edi. U keyinchalik “Navbahor”da ishladi, O'zPFL yangi tashkil etilgan davr 2008 yildan boshlab 2017 yilgacha rahbarlik qildi.

SSSR yoshlar terma jamoasi tarkibida qaysi o'zbekistonlik futbolchilarni tanidingiz?

Xirosima-1994. Yulduzli tarkibni mudofaa qalqonlari Fevzi Davletov, Andrey Fyodorov, hujumdagi yulduzimiz Igor Shkvirin.

Azamat Abduraimov yarim finalda Janubiy Koreya darvozasini ajoyib tarzda ishg'ol qilgan va yakunda final yo'llanmasini taqdim qilgan. Bu hozircha Koreya ustidan qo'lga kiritilgan yagona g'alabamiz bo'lib turibdi.

1996 yil Tokioda Yaponiyaga qarshi o'rtoqlik uchrashuvida olingan surat. Igor Shvirin, Pavel Bugalo, No'mon Hasanov, Saydullo Tursunov, Ilhom Sharipov, Sergey Lebedev, Farhod Magometov, Stepan Atoyan, Eduard Mamotov, Oleg Shackix, Andrey Zaharov

Yorqin Nazarovning saytimizga taqdim qilgan shaxsiy arxividan. Nikolay Shirshovni topdingizmi?

Oleg Shackix. 1996-1998 yillarda O'zbekiston terma jamoasining asosiy hujumchilaridan biri bo'lgan.

“Navbahor” va “Neftchi” muxlislarining yoqimtoyiga aylangan Eduard Mamotov O'zbekiston terma jamoasi safida 1996 yilgi Osiyo Kubogida. U ketma-ket 5 marotaba O'zbekiston chempionligini qo'lga kiritgan.

Yaponiya terma jamoasi afsonasi Kazuyoshi Miura va O'zbekiston terma jamoasi futbolchisi Andrey Zaxarov

O'zbekiston terma jamoasi himoyachisi Andrey Fyodorov Yaponiya terma jamoasining mahalliylashtirilgan braziliyalik hujumchisi Vagner Lopes bilan kurashga kirishgan vaziyat.

Ivan Nagaev 2009 yil Misr mezbonlik qilgan U-20 Jahon chempionatida Angliya darvozasini ishg'ol qilgan. Nagaev bir necha yil oldin butsalarini mixga ildi.

“Do'stlik” va “Paxtakor” safida yarim himoyadagi o'yinlari orqali terma jamoaga taklif qilingan Otabek Pirmatovni katta yoshli muxlislar yaxshi eslashadi. Oxirgi ma'lumotlarga qaraganda Pirmatov butsalarini mixga ilgach Rossiyaga yo'l olgan.

O'zbekiston terma jamoasining oq, ko'k, yashil, sariq libosdan so'ng qizil libosda maydonga tushgan suratini ham ko'rdingiz. Suratdagi Ulug'bek Bakaev Vladimir Salkov davrida ilk bor terma jamoaga chaqirilgan edi.

Shomurodovlar sulolasidan. Otabek Shomurodov 2000 yil “Neftchi”dan milliy terma jamoaga taklif etilgan va Livandagi Osiyo kubogida ishtirok etgan. Shomurodov jami 9 ta o'yinda maydonga tushgan.

Vadim Abramov boshchilik qilgan O'zbekiston olimpiya terma jamoasi. Garchi tarkib yulduzli bo'lsada Pekin-2008 Olimpiadasiga chiqa olmagan edi.
Anzur Ismoilov, Marat Bikmaev, Aleksandr Kleckov, Nodir Qo'ziboev, Aziz Ashurov, Ahrol Riskullaev, Lutfulla To'raev, Shavkat Salomov, Odil Ahmedov, Bahrom Yuldashev, Sadriddin Abdullaev

O'ng qanot himoyasida ajoyib o'yinlar ko'rsatgan Aleksandr Xvostunov bugungi kunda Qozonda bolalar futbol maktabida faoliyat olib bormoqda.

Futbolimizdagi aka-ukalardan biri Aleksey Klikunov 2002 yilgi Osiyo o'yinlarida O'zbekiston U-23 terma jamoasiga jalb qilingan.

“Bunyodkor” 2012 yil tarkibini Avstraliya terma jamoasi futbolchisi Devid Karney bilan kuchaytirib olgandi. Lekin Karney mavsum oxirigacha jamoada qolmagan.

Osiyo o'yinlari-2010. Fozil Musaev amirlik futbolchi bilan to'p uchun kurashmoqda.



