

- "Navbahor" jamoasini g'alaba va keyingi bosqichga chiqqani bilan tabriklayman. Qiyin uchrashuv bo'lishini oldindan bilgandik. Ushbu uchrashuv oldidan bir qancha yaxshi ishlanmalarni ishlagandik. Bu qaysidir manoda o'z samarasini bergandi, lekin hujumni tugatishga kelganda saviyamiz bilindi va kamchiliklarimiz ko'rindi. Agarda shu kamchiliklarimizni to'g'rilay olganimizda, balki, hisob bunchalik yirik ko'rinish olmasdi. Birinchi bo'lim oxiri, ikkinchi bo'lim boshlarida Maharram Abelfazovda yaxshi imkoniyatlar bo'lgandi. O'sha vaziyatlardan biridan foydalanganida, balki, uchrashuv boshqacha o'tishi mumkin edi. "Navbahor" baribir Superliga jamoasi. To'p bilan va to'psiz holatda jamoaning tezkor ekanligini ko'rdik. Darvozabonimiz bir qancha seyvlar amalga oshirdi. Yigitlar borini berib, harakat qilishdi. Ularga hech qanday etirozlarimiz yo'q. Navbatdagi o'yinimiz 29 may kuni "Olimpik Mobiuz" bilan. Ushbu bahsga tayyorgarlikni boshlaymiz.

- Bugun jamoa ikkinchi golgacha yaxshi qarshilik ko'rsatdi. Biroq shu goldan keyin himoya ochilib ketdi. Jamoangizning faqatgina bugungi emas, guruh bosqichidagi o'yinlarini qanday baholaysiz?
- Guruh bosqichida "Xorazm"ga qarshi o'z maydonimizda eng yaxshi o'yinlarimizdan birini o'tkazdik. Lekin shunday imkoniyatlardan foydalana olmadik. Uchrashuv so'nggida gol o'tkazib, mag'lub bo'lgandik. Balki o'shanda g'alaba qozonganimizda, guruhdan chiqqan bo'lardik. Gapirish oson, lekin oldimizda jamoani yanada shakllantirgani, to'g'rilagani vaqtimiz bor. Bugungi uchrashuv uchun ham alohida tayyorgarlik ko'rgan joylarimiz ham bor edi. Ular o'xshadi ham. Yakunlovchi nuqtada oqsashimiz bizga pand berdi. Maharram Abelfazov, Norxon Sheripov, Nodirbek Karimovda yaxshi imkoniyatlar bo'ldi. Ushbu vaziyatlarning barchasi hisob 1:0 paytida sodir bo'lgandi. Ikkinchi gol esa bizga zarba bo'ldi. Keyin hujumga chiqdik va uchinchi-to'rtinchi gollarni ham qo'yib yubordik.



