

Uchrashuv yakunlanganidan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Shavkat Yusupov matbuot anjumanida qatnashdi.
- Birinchi bo'limda rotaciya qilgandik va bu ish bermadi. Ikkinchi bo'limda esa ularni almashtirdik va rotaciya uchun tashlangan futbolchilar o'rniga o'tgan o'yinlarda qatnashgan futbolchilarni qo'ygandik va o'yin o'zgardi. Ko'plab hujumlar uyushtirdik, gollar urdik. Lekin gollarimizda qoidalar buzilgan, deb topildi. Kurashdik va yakunda gol urib, mag'lubiyatdan qutulib qoldik. Raqib tarkibida iqtidorli futbolchilar yig'ilgan. Ularning xohishi kuchlilik qilgani ko'rindi, lekin ikkinchi bo'limda ularda charchoq alomatlari sezila boshlandi. Shundan foydalanib, raqibga katta bosim o'tkazdik. Mag'lubiyatdan chiqib ketish uchun jamoa qattiq mehnat qildi. Yigitlarga rahmat aytaman. Keyingi o'yinlarda g'olib bo'lib, muxlislar va rahbarlarni xursand qilishga harakat qilamiz.
- Jamoa hujum chizig'i vakillari Boburbek Farhodov va Sohib Muhammadiev kabi futbolchilarning jarohati sababli Riza Ayvazov yakkalanib qolgandek ko'rindi va unga ko'proq Nodirbek Karimov yordam berdi.
- Hozirgi kunga kelib, jarohatlangan futbolchilar soni 5taga etdi. Mashg'ulotlarda Sohib Muhammadiev jarohat olib, uzoq muddatga safdan chiqdi. Maharram Abelfazov ham mashg'ulotda jarohat oldi. Boburbek Farhodov "G'azalkent" bilan o'yinda zaxiradan o'yinga qo'shilib, jarohat olib, yana zaxiraga olindi. Shohruh Yoqubjonov "Aral" bilan o'yinda tos suyagidan jarohat olib, safga qaytgani yo'q. Asosiy tarkib futbolchilari jarohat olgan. Bu vaziyatdan chiqib ketamiz. Oldindagi o'yinlarda o'zimizni ko'rsatamiz, degan umiddaman. Mehnat qilamiz, xatolar ustida ishlaymiz va keyingi o'yinga tayyorgarlikni boshlaymiz.
- Jasurbek Umarov jamoaning asosiy futbolchilaridan. Bugun unda charchoq alomatlari ko'ringandek.
- U tajribali futbolchilardan biri. Deyarli barcha o'yinlarda to'liq ishtirok etdi. Bugungi o'yinda ham uni asosiy tarkibda maydonga tushirgandik. Futbolchi chrchaganda xatolari ko'payadi. Shu sababli uni zaxiraga oldik va uning o'rnida o'ynagan Ibodjon Abelfazov hujumlarni boshlashda yaxshi harakat qildi va jamoani oldinga etakladi. Har bir futbolchimiz g'alaba uchun harakat qildi. Xatolarimiz bor, bularni to'g'rilab, rivojlanishga harakat qilamiz.
- Superliga va Proligada so'nggi paytlarda hakamlar xatolari ko'paydi. Bugun ham tushunarsiz holatda jamoaning goli bekor qilindi. Hakamlik haqida nima deya olasiz?
- Bu borada hakamlar qo'mitasi bor va ular bu bilan shug'ullanishadi. Hakamlik borasida hech qanday gapim yo'q.



