

O'yindan keyingi matbuot anjumanida "FarDU" bosh murabbiyi Shavkat Yusupov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- O'yin haqida fikringiz?
- Jamoamiz mag'lubiyatga haqli emasdi. Superliga vakiliga jiddiy qarshilik ko'rsata oldik, faqat yakuniy qismda tajriba va sovuqqonlik yetishmadi. Mehnat qilishda davom etamiz, xatolarni to'g'rilab boramiz. Bugun maydonda oxirigacha kurashdik, buning futbolchilarga rahmat aytaman. Aytib o'tganimdek, ozgina omad kelmadi. Hujum chizig'imizda kamchiliklar bor. Bu mag'lubiyatdan kerakli xulosani chiqarib, keyingi bahsga hozirlik ko'rishni boshlaymiz.
- Boburbek Farhodov maydonni jarohat bilan tark etdi.
- Boburbek bugungi o'yinni yaxshi o'tkazdi. Bir qator vaziyatlar yaratdi. U engil jarohat oldi va jarohati og'ir bo'lib qolmasligi uchun almashtirdik. Hozircha optimal sport formasiga kirgani yo'q.
- Jamoangiz oldiga Kubokda qanday maqsad qo'yilgan?
- Guruhdan chiqib iloji boricha uzoqroq borish niyatimiz bor. Imkoniyatimiz bor ekan, oxirigacha kurashamiz.
- Rizaev bugun zaxirada qoldi va ikkinchi taymda o'yinga qo'shildi. Shunga munosabatingiz?
- Rizaev Proligada ko'p uchrashuvlarni asosiy tarkibda o'tkazdi. Unga biroz dam berish maqsadida boshlang'ich tarkibga qo'ymadik. O'ylaymanki, u ham zaxiradan tushib o'zini ko'rsatishga harakat qildi.
- Avvalroq jarohat olgan futbolchilar to'liq tiklandimi?
- Shohruh Yoqubjonov jarohatdan qaytib yaxshi o'yin o'tkazdi. Maharram Abelfazov ham sekin-asta sport formasiga kirib boryapti.
- Kubok bahslarida Proliga jamoalari Superliga klublariga bo'sh kelmayapti. Bugun ham jamoangiz yaxshi harakat qildi. Umuman bu yilgi Kubok o'yinlari haqida fikringiz?
- Raqiblarni solishtiradigan bo'lsak, kuchli jamoalarga qarshi yigitlarimizda ishtiyoq boshqacha ko'rinyapti. Futbolchilarimiz ko'zi Proligada ham yonishini xohlayman. Bugun Superliga saviyasiga yaqin o'yin ko'rsatdik, "Xorazm"dan yaqqol kuchsiz emasdik, shunchaki omad ularga kulib boqdi.
- Yozgi tanaffus paytida jamoada qanday o'zgarishlar ro'y beradi?
- Tanaffusgacha hali o'yinlar bor, hozir shular haqida o'ylaymiz. Tanaffusda esa tarkib borasida bosh qotiramiz.



