Zoran Marushich: "Klubda qolish niyatim bor, lekin hammasi rahbariyat qaroriga bog'liq"

Оқил Абдубарноев
21 sen 2026, 12:05
"Neftchi" hujumchisi Zoran Marushich Superliganing 22-turidan o'rin olgan "Lokomotiv"ga qarshi o'yindan so'ng (1:0) Championat.asia saytiga intervyu berdi.

– G'alaba bilan tabriklayman! Bugungi o'yin haqida qanday fikrdasiz?

– O'yin muhim ahamiyatga ega edi. Takidlaganimdek, Chempionlar ligasidan so'ng dam olish uchun vaqtimiz ko'p emasdi. Har bir haftaga, har bir o'yinga so'nggisidek tayyorgarlik ko'rish lozim. Birinchi o'rinda qolishimiz uchun bugun g'alaba qozonish biz uchun juda muhim edi. Endi biroz hordiq chiqarib, keyingi bahsga xotirjam tayyorgarlik ko'rishimiz kerak. Tiklanish, dam olish va o'yinga hozirlik ko'rish uchun etarli vaqtimiz bor.

– Bugun ham, Elit OCHLda "Eyr Fors"ga qarshi ham g'alaba golini urdingiz. Muhim gollar sizga qo'shimcha ishonch berayaptimi?

– O'zim haqimda hech qachon gapira olmayman. Bu men uchun juda muhim bo'lsa-da, asosiysi – jamoaning oldinga intilishi. Bugun ham, o'tgan o'yinda ham gol urdim. Biz faqat g'alaba qozonishimiz kerak, kim gol urishi yoki kim uzatma berishining ahamiyati yo'q. Eng muhimi – biz jamoa sifatida oldinga intishimiz va zafar quchishimiz lozim.

– Stipe Perica va jamoaga yangi kelib qo'yshilgan finlyandiyalik hujumchi bilan raqobatga qanday qaraysiz?

– Bu holat meni yanada ruhlantirmoqda. Finlyandyalik hujumchi jamoaga yaqinda keldi. Perica bilan do'stmiz. Oramizda salbiy raqobat yo'q. Aytganimdek, jamoa sifatida juda ahilmiz va bu eng asosiysi. Raqobatga kelsak, agar u ko'proq gol ursa, men ham bunga intilaman. Bu – sog'lom raqobat. Eng muhimi – o'rtamizdagi aka-ukadek munosabat va bu doim shunday bo'lib qolishi kerak.

– Shartnomangiz yil oxirida tugaydi. "Neftchi"da qolmoqchimisiz yoki boshqa takliflarni ham ko'rib chiqasizmi?

– Klub bilan ularning rejalari haqida gaplashib olish kerak. Agar ularda meni jamoada olib qolish istagi bo'lsa, buni muhokama qilish mumkin. Men uchun "Neftchi" klubida o'ynash juda qulay. Bunday muxlislar va shunday ajoyib muhitda doim qolging keladi. Biroq klub har doim futbolchidan ustundir. Shuning uchun barchasini klub hal qiladi. Hammasi rahbariyatning qo'lida. Menda esa jamoada qolish istagi bor. Vaqt o'tishi bilan barchasini ko'ramiz.

O'xshash yangiliklar


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: Championat.asia