

"Mag'lubiyatga hech qanday bahona yo'q. Bizga nima yetishmayotganidan hammaning xabari bor. Klubda ahvol og'irligini hamma yaxshi biladi. Shu bois ortiqcha gapirib o'tirishga hojat yo'q. Umuman olganda, yaxshi o'yin bo'ldi, faqat bizga omad yetishmadi. "Paxtakor"ni g'alaba bilan tabriklayman", – deydi Sardor Rahmonov.
- "Paxtakor"ning zaif tomoni shunda ediki, gol urib olgach, suratni (tempni) tushirardi. "Bunyodkor" ikkinchi bo'limda bundan foydalanib ketishi mumkin edimi?
- Raqibni o'rganib chiqqan edik. "Paxtakor" o'z imkoniyatidan foydalanib ketdi. Aksincha, biz gol urganimizda durang o'ynashimiz, balki yutib ketishimiz ham mumkin edi. Futbolda shunaqasi ham bo'lib turadi.

- O'yin yakunlangach, hakamlar bilan tortishgandek bo'ldingiz...
- To'rtinchi hakam va yordamchi murabbiyimiz o'rtasida tushunmovchilik bo'ldi. Men borib, ajratib olib ketdim. Bor gap shu.
- Mag'lubiyatlar davom etaversa, musobaqa jadvalida yanada pastga tushib ketish xavfi yuqori...
- Shundoq ham vaziyat jiddiy. Klub ichidagi ahvolni o'zimiz yaxshi bilamiz. Oxirigacha kurashamiz. Pul berishmayapti deb qo'l qovushtirib o'tirmasdan harakat qilamiz, balki kimdir yordam berar, muammolarimizni eshitar.
- 8 oydan beri maosh berilmagani aytilmoqda. Mavsum yakunlangach, jamoadan ketish niyatingiz bormi?
- Hali bu haqida o'ylaganim yo'q. Mavsum oxirigacha shartnomam bor, professionalmiz va ishimizni oxirigacha etkazib qo'yamiz. Shundan keyin bir qarorga kelish mumkin. Ketganlar ketdi, qolganlar esa oxirigacha kurashadi. "Maosh berishmayapti" deb maydonga tushmay qo'ymaymizku, hammasi jamoa uchun. Ertaga nima bo'lishini hech kim bilmaydi. Balki vaziyat yaxshilanib ketar.



