

Hudud jamoalari kichik maydonda tezkor ko'cha futboli o'ynashdi, har bir o'yin 10 daqiqa davom etdi, dastlabki va so'nggi 60 soniyada urilgan gollar esa ikki baravar ochko berdi. Saralash bosqichida 70 dan ortiq futbolchilar qatnashdi.
Turnir keskin va tomoshabop kurashlar ostida o'tdi: darvozabonsiz format o'yinni juda tezlashtirdi, qisqa bo'limlar va maxsus qoidalar esa ishtirokchilardan yuqori texnika, tez fikrlash va hujumlarni aniq yakunlashni talab qildi.
Uchrashuvlar yakuniga ko'ra milliy finalda ishtirokini davom ettiradigan va Red Bull Four 2 Scorening jahon bosqichiga chiqish imkoniyatini saqlab qoladigan jamoalar aniqlandi.
Milliy seriya g'oliblari 2026 yilda birinchi marta Kanada, Toronto shahrida o'tkaziladigan jahon finaliga yo'llanma oladi. Turnirning global bosqichida 25 dan ortiq davlat ishtirok etadi, bu esa Red Bull Four 2 Score’ni 4×4 formatidagi eng yirik xalqaro futbol seriyalaridan biriga aylantiradi.
“Atmosfera - bomba! Biz ilgari bunday formatdagi futbol musobaqasida ishtirok etmagandik, hatto bir-birimiz bilan ham faqat o'yin vaqtida tanishdik. Endi bizning maqsadimiz - Kanada”, - dedi g'olib jamoalardan biri Tigers sardori Mahmudov Ulug'bek.










Farg'onadagi saralash bosqichi mahalliy futbol hamjamiyati uchun muhim voqea bo'ldi va yosh futbolchilarga respublika darajasida o'zlarini namoyon qilish imkonini berdi. Red Bull Four 2 Scorening O'zbekistondagi milliy finali 17 may kuni Toshkent shahridagi “Bunyodkor” futbol majmuasida bo'lib o'tadi.
Sardor Muhammadvaliev, Andijon shahrining "Belissimo Pizza" jamoasi a'zosi:
"Turnir juda yuqori saviyada tashkil etildi. Har bir o'yin hayajonli, qiziqarli va tomoshabop vaziyatlarga boy tarzda o'tdi. Musobaqa davomida ko'plab do'stlar orttirdik. Tashkilotchilarga rahmat, mana shu shunday turnirlar shaharlar o'rtasidagi do'stona munosabatlarni yanada mustahkamlaydi.
Maqsadimiz - ushbu musobaqada oxirigacha kurashib, Kanada yo'llanmasiga ega chiqish. Jamoamiz a'zolari "Belissimo Pizza"ning turli mutaxassislaridan iborat holda shakllangan. Kimdir menejer, yana boshqalar universal ishchi-xodim va hokazo. Muhimi, biz ushbu turnirda ishtirok etish orqali tajriba to'pladik, do'stlar orttirdik. Hammaga rahmat".
Islombek Karimov, Farg'ona shahrining "Davan" jamoasi a'zosi:
"Bizning jamoamiz stomatolog shifokorlardan iborat. Tashkilotchilarga rahmat, turnir juda yuqori saviyada o'tmoqda. Yoshlar bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida zo'r loyiha faoliyati yo'lga qo'yilibdi.
Mazkur turnirga faqat g'olib chiqish uchun kelganmiz. Har bir o'yinda oxirigacha kurashayapmiz. Biz uchun muhimi - sport bilan shug'ullanayotganimiz".
Shohjahon Qosimjonov, Farg'ona shahrining "Strikers" jamoasi a'zosi:
"Ochig'ini aytaman, ushbu turnirni bu qadar yuqori daraja tashkil etilishini kutmagandik. Kelib ko'rdik, barchasi professional tarzda, har bir mayda kichik detallargacha alohida e'tibor bilan yondashilgan. Tashkilotchilarga rahmat.
"Jamoamiz tarkibi sport murabbiylari, shuningdek yosh tadbirkorlardan iborat. Hozirgi natijalarga ko'ra guruh bosqichida 1-o'rinni egalladik. Navbatdagi bosqichlarda ham oxirigacha kurashib, Kanada yo'llanmasiga ega chiqmoqchimiz”.












