"Real" La Liga rahbarining iste'foga chiqishini talab qildi

Iskandarov Abdulaziz
23 sen 2026, 11:09
20 sentyabr kuni "Real" Ispaniya chempionati doirasida safarda "Atletiko"ga 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergan edi.

Uchrashuvdan keyin "Real" bosh murabbiyi Joze Mourinyu hakam Ortis Aryasning "Atletiko" futbolchilari Li Kan In va Kristian Romeroga qizil kartochka ko'rsatmaganidan norozilik bildirgan. Keyinroq AS nashri liganing Hakamlar texnik qo'mitasi Li Kan In maydondan chetlatilishi kerak bo'lgan degan xulosaga kelganini xabar qildi. Dushanba kuni esa Tebas "Real" hamda Real Madrid TV telekanalini tanqid qilib, ularni hakamlarga bosim o'tkazishda aybladi.

"La Liga prezidenti o'z xizmat mavqesidan foydalangan holda har bir ommaviy chiqishida "Real"ni obro'sizlantirish va unga hujum qilishni davom ettirishini mutlaqo yo'l qo'yib bo'lmaydigan holat deb hisoblaydi. La Liganing barcha klublari manfaatlarini himoya qilish uchun mas'ul bo'lgan shaxsning shunchalik tazyiq bilan faqat "Real"ga e'tibor qaratishi va klubimizni doimiy hujum nishoniga aylantirishi jiddiy tashvish uyg'otadi. Uning so'nggi bayonotlari rahbarga xos bo'lmagan tarzda o'ta jiddiy va tushunarsizdir, chunki ular raqamli nashrdagi mustaqil jurnalist maqolasiga asoslangan. Biroq u hatto bizning strategiyamizni baholashgacha borib etdiki, bu batamom noo'rin va mas'uliyatsizlikdir", - deyiladi "Real" bayonotida.

"Bunday nomunosib va tizimli xulq-atvorni hisobga olgan holda, biz Ispaniya professional futbol chempionatiga uni boshqara oladigan hamda betaraflik tamoyiliga to'liq amal qilgan holda uning salohiyatini yuzaga chiqara oladigan yangi rahbar kerak deb hisoblaymiz. La Liga prezidenti chempionat egasi emas, balki unga kiruvchi va boshqaruvni ishongan klublarga xizmat qiluvchi menejer ekanini tushunadigan shaxs zarur. Klublarga aynan shu vazifani halol bajara oladigan inson kerak", - deya qo'shimcha qilinadi Madrid klubi bayonotida.

Tebas 64 yoshda bo'lib, u 2013 yildan buyon La Ligani boshqarib kelmoqda. Avvalroq funkcioner bir necha bor "Real" muxlisi ekanini ma'lum qilgandi.

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia