Ravshan Ermatov Srechko Katanets boshchiligidagi murabbiylar shtabi bilan uchrashdi

Sherzod Nurmatov
18 noya 2021, 21:10
O'FA birinchi vice-prezidenti Ravshan Ermatov milliy terma jamoa murabbiylar shtabi bilan kelayotgan yilgi rejalarni muhokama qildi.

"Dastlab terma jamoa bosh murabbiyi Srechko Katanets Gruziyada o'tgan yig'in natijalari hamda O'zbekistondagi faoliyatining dastlabki qismi borasida hisobot taqdim etdi. 

Shundan so'ng milliy jamoaning keyingi yilgi rejalari muhokama etildi. Xususan, sloveniyalik mutaxassis tayyorgarlikni yanvar oyidan boshlashni va mavsum oralig'ida bir nechta nazorat uchrashuvlari o'tkazishni reja qilayotganini ma'lum qildi. 

O'z navbatida, Ravshan Ermatov kuchli raqiblarga qarshi o'rtoqlik uchrashuvlari amaliyotini davom ettirish borasida O'FA tomonidan barcha ishlar qilinishi, yurtimizda umidli, istedodli futbolchilar ko'pligini inobatga olgan holda, selekciya ishlarini doimiy tarzda amalga oshirish zarurligi, ayniqsa, yoshlarga e'tiborni oshirish va barcha futbolchilar milliy jamoada o'ynash uchun bir xil imkoniyatga ega bo'lishi kerakligini ta'kidlab o'tdi. 

Terma jamoamizning 2022 yildagi to'liq taqvimi, o'yinlarning ehtimoliy sanalari, yig'in kunlari batafsil ishlab chiqildi. Shuningdek, bugungi kun talabidan kelib chiqib, futbolchilarning tibbiy tekshiruvini yanada chuqurlashtirilgan tartibda o'tkazishga kelishildi", – deya xabar berdi O'FA matbuot xizmati.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: ЎФА матбуот хизмати