

Eronning "Haft Sobh" nashri xabar berishicha, Tehron klubi rahbariyati 33 yoshli futbolchining transferi bo'yicha takliflarni ko'rib chiqishga tayyor.
Qayd etilishicha, Sergeev Eron chempionatining 12-turidan o'rin olgan "Fajr Sepasi"ga qarshi uchrashuvda (1:2) qulay golli vaziyatdan foydalana olmagan. Ushbu vaziyatdan keyin "Persepolis" murabbiylar shtabi a'zolaridan ayrimlari o'zbekistonlik hujumchining o'yinidan norozi bo'lgani aytilmoqda.
Shundan so'ng klub Sergeevni sotish imkoniyatini ko'rib chiqishga kirishgan. Manbaga ko'ra, "Persepolis" futbolchining transferi uchun 400–500 ming dollar miqdorida narx belgilagan.
Nashrning qayd etishicha, Sergeevning Transfermarkt portalidagi bozor qiymati 1 million dollardan yuqori. Biroq mazkur ko'rsatkich futbolchining amaldagi transfer narxini anglatmaydi.
Eslatib o'tamiz, avvalroq Eronning "Footballi" nashri Toshkentning "Paxtakor" klubi Sergeevni qishki transfer oynasida o'z safiga qaytarishdan manfaatdor ekani haqida xabar bergan edi.
Biroq keyinchalik xuddi shu nashr "Persepolis" bosh murabbiyi Mehdi Tartar o'zbekistonlik futbolchining ketishiga qarshi ekanini ma'lum qildi.
Hozircha "Persepolis" Sergeevni sotish haqida rasmiy qaror e'lon qilmagan. Shuningdek, futbolchi uchun biror klubdan rasmiy taklif kelib tushgani ham tasdiqlanmagan.



