"Al Xolidiya" bosh murabbiyi Goran Tomich o'yindan keyin "Nasaf"ning eng kuchli tomoni haqida gapirdi

26 noya 2026, 09:45
OCHL 2 guruh bosqichidan o'rin olgan "Nasaf" - "Al Xolidiya" (1:0) uchrashuvidan so'ng matbuot anjumani o'tkazildi.

Matbuot anjumanida dastlab "Al Xolidiya" bosh murabbiyi Goran Tomich ishtirok etdi.

- Avvalo "Nasaf"ni g'alaba bilan tabriklayman. Uchrashuv qiyin kechishini bilardik. Birinchi taym teng kurashlar ostida o'tdi. O'yinning borishidan kim birinchi golni ursa ustunlikni qo'lga olishi ma'lum bo'ldi. Birinchi taymda qulay imkoniyatga ega bo'ldik va gol urishimiz kerak edi. Ikkinchi taymda "Nasaf" o'z imkoniyatidan foydalandi. "Nasaf" himoyada bizni kutib oldi va qarshi hujumlarga e'tibor qaratdi. Bu uslubni raqibning eng kuchli tomoni deya olaman. Biz ham harakat qildik, biroq to'p kirita olmadik va yakunda mag'lubiyatga uchradik.

- Sizningcha, mag'lubiyat asosiy sababi nimada?

- Asosiy sabab gol ura olmaganimizda. Birinchi taymdayoq to'p kiritishimiz kerak edi. "Nasaf" gol urib olgach himoyani mustahkam ushladi. Vaziyatlardan foydalanganimizda o'yin boshqacha kechishi mumkin edi.

- Jamoangiz salohiyat jihatdan kuchli, lekin bugun shunga yarasha o'yin ko'rmadik.

- Bir nechta futbolchimiz maydonga tusha olmadi. Ayniqsa himoyada o'zgarishlar qilishga majbur bo'ldik. Vingerlar o'zgardi, hujumda ham boshqa futbolchi o'ynadi. Shunga qaramay jamoam yomon harakat qilmadi, hamma bor kuchini berdi.

- "Nasaf" safida qaysi futbolchilarni alohida etirof etasiz?

- Raqibda kuchli o'yinchilar ko'p. Men odatda individual futbolchilarga e'tibor bermayman. Ko'proq jamoaviy o'yinni kuzataman. Lekin alohida aytadigan bo'lsam, 7-raqamdagi (Adenis Shala), 14-raqamdagi (Sharof Muhitdinov) va 10-raqamdagi (Bobir Abdixoliqov) futbolchilar iliq taassurot qoldirdi.

- Guruhdagi vaziyat haqida nima deya olasiz?

- Biz oxirigacha kurashamiz. Har uchala jamoada guruhdan chiqish imkoniyati bor. Keyingi tur "Quvayt SK" bilan bahsda g'alaba qozonishga harakat qildi.

O'xshash yangiliklar

Manba: championat.asia