

“O'zbekiston Kubogi bahslarida imkoniyatlar teng, biroq keyingi bosqichga faqat bir jamoa yo'l oladi. To'g'ri, "Neftchi" biroz kuchliroqdek taassurot qoldirmoqda, ammo "Paxtakor" tarkibini ham bo'shashtirib bo'lmaydi. O'ylashimcha, shiddatli va chiroyli o'yinning guvohi bo'lamiz. Musobaqa formatiga ko'ra, bu yerda durang qayd etilmaydi. Buning ustiga, farg'onaliklar o'z maydonida to'p surishadi, mezbonlar esa osonlikcha engilmaydi.
"Paxtakor"ning bugungi legionerlari haqida to'xtaladigan bo'lsam, ular yuqori saviyada emas. Futbolchilarni kamsitmoqchi emasman, ammo reallik shunday - o'zimizda ham ulardan qolishmaydigan yigitlar etarli. Jamoaning oxirgi uchrashuvlarini kuzatdim, legionerlarda alohida ajralib turadigan mahorat ko'rinmayapti. Selekciyada xatolikka yo'l qo'yishdimi, bilmadim. Aslida "Paxtakor" singari klubda doimo farqni yuzaga keltira oladigan kuchli legionerlar o'ynashi kerak.
"Neftchi"ning afzalligi shundaki, ularda bir-birining o'rnini bemalol to'ldira oladigan ikkita teng kuchli tarkib bor. Kichik rotaciyalar sabab jamoaning o'yin surati pasayib qolmaydi. "Paxtakor"da esa, aksincha, kimdir jarohat olsa, uning o'rnini to'ldirish muammoga aylanmoqda. Shu sababli tarkibdagi yo'qotishlar va muammolar farg'onaliklarni kamroq tashvishga solsa kerak”,- deydi Shuhrat Rahmonqulov.



