

“Neftchi”, “Surxon”, “Qizilqum” kabi jamoalarda to'p tepgan hujumchi 2022 yilda O'zbekiston chempionatining eng chiroyli goli muallifi sifatida keng etirof etilgandi. O'sha mavsumda u nafaqat gollari, balki o'yini, harakatchanligi va maydondagi ishtiyoqi bilan ham ko'pchilikning e'tiborini tortgan.
Ayniqsa, “Surxon” safidagi o'yinlari uning faoliyatida alohida o'rin tutadi. Ispaniyalik mutaxassislar - Lopes va Migel Alvares qo'l ostida o'ynagan davr Toshpo'latov uchun yangi bosqich bo'lgandi. Biroq futbolda hamma narsa ham rejadagidek kechavermaydi. Keyingi faoliyatida klublar almashdi, etarli o'yin amaliyoti bo'lmadi, jarohatlar xalaqit berdi.
- 2022 yil faoliyatingizda o'ziga xos sahifa ochgandi. O'sha yili mamlakatning eng chiroyli goli muallifi bo'ldingiz. O'sha mavsumni qanday eslaysiz? Lopes va Migel Alvares bilan ishlashdan qanday xotiralar qolgan?
- Sovrin yutish har qanday futbolchi uchun yoqimli. Murabbiylarga kelsak, ulardan juda ko'p narsalar o'rganganman. Mashg'ulotlarda ham, o'yinlarda ham futbolchini ruhlantira oladigan mutaxassislar edi. Ular haqida faqat yaxshi xotiralarim bor.
- Shundan keyin faoliyatingizda o'zgarishlar bo'ldi va “Surxon”ni tark etdingiz. Aynan o'sish pallasida bu qaror nima bilan bog'liq edi?
- “Surxon”da hammasi yaxshi edi. Yangi mavsumga tayyorgarlikni boshlash arafasida klubda o'zgarishlar bo'ldi. Direktor ham, murabbiylar shtabi ham almashdi. Jamoa qachon yig'in o'tkazishi ham noaniq bo'lib qoldi. Keyin bir-ikki klubdan taklif tushdi va men “Qizilqum”ni tanladim. Ammo u yerda o'yin amaliyoti kam bo'lib qoldi.

- Keyin esa Tojikistonning “Xo'jand” klubiga yo'l oldingiz. U yerdagi faoliyatingiz qanday kechdi?
- “Qizilqum”dan keyin “Xo'jand”ga bordim. U yerda ham yomon o'ynaganim yo'q. Ammo jarohat oldim va ma'lum vaqt futboldan uzoqlashib qoldim. Xudo xohlasa, ikkinchi davrada maydonga qaytishni reja qilyapman.
-2020 yilda “Neftchi”da Abdusamad Do'rmonov qo'l ostida o'ynagansiz. U insonning faoliyatingizdagi o'rni qanday?
- Abdusamad akani Olloh rahmat qilsin. Juda yaxshi futbolchi va murabbiy edi. Menga ko'p o'yin amaliyoti bergan. U kishi bilan birga ko'p g'alabalarga erishganmiz. Gapirsam, xotiralar juda ko'p. Qisqacha aytsam, juda yaxshi inson edi.
- “Turon”ga qarshi kechgan o'sha bahsli o'yinga ham olti yil bo'libdi. Bugun o'sha uchrashuv videolarini ko'rsangiz, nimalarni his qilasiz?
- “Turon” bilan o'yin haqiqatan ham yaxshi o'tgan. Hammamiz Superligaga chiqishni juda xohlagandik. O'sha yildagi eng esda qolarli holatlar esa o'yindan keyingi voqealar bo'lgan.
- Bu yilgi O'zbekiston chempionatida intriga yuqori. Sizningcha, chempionlik kurashida hal qiluvchi omil nima bo'ladi?
- Ha, bu yil chempionat qiziq o'tyapti. Hamma jamoalar bor kuchini beryapti. Deyarli har bir turda kimdir ochko yo'qotyapti. Hali o'yinlar ko'p, shuning uchun oldindan biror narsa deyish qiyin. Men ko'proq “Nasaf” o'yinlarini kuzataman. Jamoa qiziqarli futbol namoyish qilyapti.



