O'z tarixida ilk bor finalga chiqqan "Atalanta" mag'lubiyatsiz odimlayotgan "Bayer"ga qarshi. Yevropa ligasi finali uchun prevyu

Narzulla Saydullayev
22 may 2024
Bugun, 22 may kuni Dublin shahridagi "Aviva" stadionida Yevropa ligasi final uchrashuvi bo'lib o'tadi.

Yevropa ligasi finaliga Italiyaning "Atalanta" va Germaniyaning "Bayer" klublari chiqishdi.

Bergamoliklar o'z tarixida ilk bor evrokubok finaliga chiqishdi, Leverkuzen klubi esa mavsumni mag'lubiyatsiz tugatish uchun yaxshi imkoniyatga ega bo'lib turibdi.

"Bayer" o'z tarixida ikki marta evrokubok finalida o'ynagan. 1988 yil UEFA kubogi finalida o'ynagan va "Espanol"ni qo'shimcha vaqtda 3:2 hisobida mag'lub etgan. 2002 yil YCHL finalida esa "Real"ga imkoniyat boy berilgan - 1:2.




HAKAMLAR
Yevropa ligasi finalini ruminiyalik Ishtvan Kovach boshchiligidagi hakamlar boshqarib borishadi. 39 yoshli Kovach bu mavsum YCHLning 8 ta uchrashuvida ishladi (ulardan biri chorak final doirasidagi "Barselona" - PSJ o'yini), Yevropa ligasida bitta bahsda faoliyat olib bordi.

Ishtvan Kovach 2022 yil "Roma" va "Feyenoord" o'rtasida kechgan Konferenciyalar ligasi finalida ham bosh hakam bo'lgandi.

Bosh hakam: Ishtvan Kovach (Ruminiya)
Qanot hakamlari: Vasile Marinesku va Mixay Artene (ikkalasi Ruminiya)
Zaxira hakami: Ivan Krujlyak (Slovakiya)
Beshinchi hakam: Branislav Gancko (Slovakiya)
VAR: Pol van Bekel (Niderlandiya)
AVAR: Katalin Popa (Ruminiya)
VAR yordamchisi: Rob Diperink (Niderlandiya)





"ATALANTA"
UEFA reytingidagi o'rni: 21
Yevropa ligasiga qanday chiqqan: Italiya A seriyasida 5-o'rin
Guruh bosqichi: D guruhi g'olibi
1/8 final: umumiy 3:2 "Sporting"
1/4 final: umumiy 3:1 "Liverpul"
1/2 final: umumiy 4:1 "Olimpik"
O'tgan mavsum: evrokubokda qatnashmagan
UEFA Kubogi/Yevropa ligasidagi eng yaxshi natijasi: 1/4 final (1990/91, 2021/22)

Asosiy futbolchisi: Teun Koopmeyners
E'tibor qaratish kerak: Jorjio Skalvini
Mavsum uchun qisqa tarif: "Atalanta"ga qarshi o'ynash - stomatolog huzuriga borishdek gap", - Gvardiola.




"BAYER"
UEFA reytingidagi o'rni: 14
Yevropa ligasiga qanday chiqqan: Germaniya chempionatida 6-o'rin
Guruh bosqichi: H guruhi g'olibi
1/8 final: umumiy 5:4 "Qorabog'"
1/4 final: umumiy 3:1 "Vest Xem"
1/2 final: umumiy 4:2 "Roma"
O'tgan mavsum: 1/2 final (umumiy 0:1 "Roma")
UEFA kubogi/Yevropa ligasi: Chempion (1987/88)

Muhim futbolchi: Florian Virc
E'tibor qaratish kerak: Jeremi Frimpong
Mavsum uchun qisqa tarif: Bundesligadagi birinchi sovrin, mag'lubiyatsiz seriya va hali hammasi oldinda.





OLDINGI TO'QNASHUVLAR
10.03.2022: "Atalanta" - "Bayer" 3:2
17.03.2022: "Bayer" - "Atalanta" 0:1 (umumiy 2:4)

Bu jamoalar Yevropa ligasi-2021/22 1/8 finalida to'qnash kelishgandi. Jan-Pero Gasperini shogirdlari Italiyada 3:2 hisobida zafar quchishgandi. Germaniyadagi javob bahsida Jeremi Boganing goli yagona bo'lib qolgandi. Frimpong va Virc javob bahsini jarohat sabab o'tkazib yuborishgandi.





TAXMINIY TARKIBLAR:

"Atalanta": Musso; Jimshiti, Xin, Kolashinac; Dzappakosta, Ederson, Koopmeyners, Rudjeri; de Ketelare, Pashalich; Skamakka
O'ynamaydi: Xolm (jarohat), de Roon (son)
So'roq ostida: Toloy (son), Kolashinac (son)
"Bayer": Kovarj; Tapsoba, Ta, Inkape; Stanishich, Palasios, Jaka, Grimaldo; Virc, Frimpong, Adli



MURABBIYLAR NIMA DEYDI?

"Atalanta" bosh murabbiyi Jan-Pero Gasperini: "O'yinga barcha tayyorgarlikni amalga oshirdik va shunchaki finalni kutishimiz kerak. Jismoniy va ruhiy holat bo'yicha yuqori darajadamiz. Buyuk klubga qarshi o'ynashimizni tushunamiz, raqib ajoyib mavsumni o'tkazayotganini va mag'lubiyatsiz seriya qayd etayotganini bilamiz. Ular erishayotgan natijalar tasodif emas. Final taqdirini mayda detallar hal qilishi mumkin. Biz raqibga hurmat bilan munosabatda bo'lishimiz va tezroq ularning o'yiniga moslashib olishimiz shart".




"Bayer" bosh murabbiyi Xabi Alonso: "Biz "Atalanta" bilan tanishmiz, ammo bu jamoa rivojlanishda davom etmoqda. Bunday jamoalarga qarshi Germaniyada ham o'ynadik, finalda eng muhimi xarakter namoyish etish. Bizda final uchun reja bor, ammo futbolchilarim hamon shanba kungi bayram kayfiyatidan chiqib keta olishmayapti. Biz xuddi shu ruhda davom etishimiz kerak. Futbolchi va murabbiy uchun final - bu turlicha narsalar. O'yin boshlanishini anglatuvchi hushtakdan keyin futbolchilar katta sahnaga chiqishadi. Ammo men jamoamga ishonaman. Ular g'olib bo'la olishadi".




IKKI KLUB O'RTASIDAGI BOG'LIQLIKLAR

"Atalanta" himoyachisi Mitchel Bakker 2021-2023 yillarda "Bayer"da o'ynagan. Bu davr mobaynida u Bundesligada 53 ta o'yin o'tkazgan.

Ikki klub safidagi oldin birga o'ynagan futbolchilar:
Sead Kolashinac va Granit Jaka ("Arsenal" 2017-22)
Sharl de Ketelare va Odilon Kossunu ("Bryugge" 2019-21)
Sharl de Ketelare va Noa Mbamba ("Bryugge" 2021/22)
Ademola Lukman va Patrik Shik ("Leyptsig" 2019/20)

Ikki klub safidagi terma jamoada birga o'ynaydiganlar:
Xuan Musso va Esekel Palasios (Argentina)
Teun Koopmeyners, Marten de Roon, Xans Xatebur va Jeremi Frimpong (Niderlandiya)
Mario Pashalich va Yosip Stanishich (Xorvatiya)
Ademola Lukman va Neytan Tella, Viktor Bonifeys (Nigeriya)




Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia

O'xshash yangiliklar