Mirko Yyelichich: "Yigitlar bu g'alabaga loyiq edilar"

20 noya 2026, 21:11
Superliganing 28-turi doirasidagi "Lokomotiv" - "Paxtakor" uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida mezbonlar bosh murabbiyi Mirko Yyelichich ishtirok etdi.

- Rahmat. Yana bir bor o'zimizga o'zimiz qiyinchilik tug'dirdik. Bu bizning dastlabki daqiqalardayoq gol o'tkazib yuborayotgan beshinchi yoki oltinchi o'yinimiz bo'ldi. Bunday holatdan keyin o'yinni qurish ancha qiyinlashadi. Ammo bugun jamoamizning xarakterini ko'rsatdik. Oliy ligada o'ynaganda jamoalar o'rtasidagi sifat borasidagi farq unchalik katta bo'lmaydi. Lekin xaraktyerdagi farq ko'p narsani hal qiladi. Bizning jamoada kuchli xarakter va jamoaviy ruh borligi juda yaxshi. Bu qiyin vaziyatlarda katta yordam beradi. Bugun futbolchilarimiz buni yana bir bor isbotlashdi. Ular g'alabaga haqli edilar. Bazida uch ochko qo'lga kiritasan, ammo g'alabaga to'liq loyiq edik, deb ayta olmaysan. Bugun esa biz g'alabaga haqiqatan ham loyiq edik.

- Mirko aka, g'alaba bilan tabriklayman! Menda ikkita savol bor. Birinchisi, iqtidorli futbolchi Jasur Yaxshiboevning xarakteri ancha murakkab ekanini hech kim inkor etmaydi. Birinchi bo'limda Bilol Tupliev juda yaxshi o'ynadi, ammo ikkinchi bo'limda charchagani sezildi. Jamoa 0:1 hisobida yutqazayotgan paytda siz Nurulloevni maydonga tushirdingiz. Bu vaziyatda ikkita yo'l bor edi: charchagan futbolchini almashtirish yoki yana bir provokaciya bo'lsa, qizil kartochka olishi mumkin bo'lgan futbolchini maydondan olish. Jasur esa Abdumajidov bilan to'qnashuvda unga zarba berdi, ammo hakam bu holatni payqamadi. Siz tavakkal qildingiz, Bilolni almashtirdingiz va Jasurni maydonda qoldirdingiz. Natijada u gol urdi. Murabbiy sifatida bu qaroringizni qanday izohlaysiz?

- Biz raqibga bosim o'tkazishda davom eta olishimizni ko'rdik. Bilol, albatta, juda ko'p mehnat qiladi, himoyada ham, hujumda ham jamoaga yordam beradi. Jasur esa hal qiluvchi vaziyatlarda biroz yaxshiroq qaror qabul qila oladi. Bilol yaxshi poziciyalarga chiqadi, ammo bazan vaziyatning yakuniy bosqichida to'g'ri qaror qabul qilishda nimadir yetishmaydi. Jasur esa raqib futbolchilari charchagan paytda shunday vaziyatlardan samarali foydalana oladi. Unda buning uchun etarli mahorat bor. Bundan tashqari, u tajribali futbolchi. Maydonda qayerda turish kerakligini biladi, zarur paytda tanasi bilan to'pni himoya qila oladi. Shuning uchun uni maydonda qoldirishga qaror qildik.

- Tushundim. Ammo men boshqa jihatni nazarda tutyapman. Teletranslyatsiyada ham ko'rindi: yana bir provokaciya bo'lganida, siz futbolchisiz qolishingiz mumkin edi. Demak, bu tavakkalga ongli ravishda bordingiz, to'g'rimi?

- Biz Jasur bilan gaplashdik. U katta yoshli, tajribali futbolchi. Unga xotirjam bo'lishi, hissiyotlariga berilib, buning o'yinga xalaqit berishiga yo'l qo'ymasligi kerakligini aytdik. Hozir bizning oldimizda boshqa vazifa bor edi - bu uchrashuvda g'alaba qozonish. U bizni tushundi. Bazida futbolchi bilan gaplashganingizda, u sizni tushunmayotganini yoki aytganingizni bajarishga tayyor emasligini his qilasiz. Jasur esa bizni to'liq tushundi va maydonda o'zini nazorat qila olishini ko'rsatdi.

Uning ayrim o'yinlarida g'alaba uchun kurashish istagi va kuchli hissiyotlarini yaqqol sezish mumkin. Bazida esa bunday bo'lmaydi. Bugun unda ana shu ishtiyoq bor edi. Shuning uchun tavakkal qilib, uni maydonda qoldirishga tayyor edim.

IMG_0331.JPG

- G'alaba bilan yana bir bor tabriklayman! Chempionat yakuniga qadar bir nechta tur qoldi. Tez orada jurnalistlar va PFL tomonidan mavsumning eng yaxshi futbolchisi, eng yaxshi murabbiyi va eng yaxshi jamoasini aniqlash uchun ovoz berish jarayoni boshlanadi. Agar Temurxo'ja Abduxoliqov eng yaxshi futbolchi nomzodlari qatoriga kiritilsa, bu fikrga qo'shilasizmi? Uning o'yinga ta’siri va birinchi ligada ishtirok etgan jamoaning bu mavsumda to'rtinchi o'rinda borayotganini ham hisobga olsak, bu qanday natija? O'zingizni ham yilning eng yaxshi murabbiyi nomzodlari qatorida ko'rasizmi?

- Eng yaxshi futbolchi kim ekani haqida o'ylasak, bu faqat uning mavsum davomida ko'rsatgan natijalari bilan emas, balki shu darajani qanchalik barqaror saqlab qolgani bilan ham belgilanadi. Ikki-uchta, hatto to'rtta ajoyib gol urish mumkin. Ammo har bir o'yinda yuqori saviyani namoyish etish juda qiyin. Temurxo'ja har bir uchrashuvda yuqori sifat ko'rsatyapti. Mavsum davomida undan nimani kutish mumkinligini bilasiz. Bunday barqarorlikka erishish oson emas. Bu faqat kuchli insonlarning qo'lidan keladi. Uning bu mavsumda ko'rsatayotgan o'yini meni hayratda qoldiryapti. Xudo xohlasa, shu tarzda davom ettiradi. Men uni anchadan beri bilaman, imkoniyatlarini ham yaxshi bilaman. O'z saviyasini shuncha vaqt davomida saqlab qolish juda qiyin. Eng yaxshi murabbiy masalasiga kelsak, bu mening qarorim emas. Buni boshqalar hal qiladi. Men Mourinyo emasman-ku! (kuladi)

Menga futboldan alohida biror narsa kerak emas. Jamoam yaxshi o'ynasa, shuning o'zi men uchun etarli. Bir vaqtlar Kubokni ham, chempionatni ham yutib, OCHLda chorak finalgacha borganmiz. Ammo shunda ham meni eng yaxshi murabbiy nomzodlari qatoriga kiritishmagan. Shuning uchun bu tanlovni kim va qanday o'tkazishini oldindan ayta olmayman. Menga ularning etirofi shart emas. Men uchun eng muhimi - futbolchilarimning oldimga kelib, "Rahmat", deb aytishlari.

- Bugun Anzur Ismoilov futbolchilik faoliyatini yakunlaganini e'lon qildik. U birinchi davradayoq faoliyatini tugatishi mumkin edi. Ammo, nazarimda, sizning fikringiz yoki iltimosingiz bilan futbolda qoldi. Agar u hozir ham faoliyatini davom ettirayotganida, so'nggi o'yinlarda u jamoaga yordam berishi mumkinmidi?

- Bu boshqa masala, bu haqda biror nima deyish ham qiyin. Har bir insonning oldida turli vazifalar bo'ladi. Bazilar uchun hayotdagi eng muhim narsa futbol bo'lsa, boshqalar uchun boshqa vazifalar ustuvor bo'lishi mumkin. Anzorda ham shunday davr keldiki, uning oldida futboldan muhimroq vazifalar paydo bo'ldi. U futbolga qo'lidan kelgan barcha narsani berdi. O'z imkoniyatlari doirasida juda uzoq vaqt, ehtimol, o'ttiz yildan ham ko'proq futbol o'ynadi. Barakalla! Insonning shuncha yil davomida yuqori saviyada o'ynay olishi juda yaxshi. Ammo bir kun kelib, insonning aqli ham, tanasi ham unga: "Etar, endi to'xtash kerak", deb aytadi. Menimcha, Anzur uchun ham shunday vaqt keldi. Agar u mavsum oxirigacha o'ynashga qaror qilganida, bizga yordam bera olardi. Uning saviyasi bunga etarli edi. Bu borada hech qanday shubham yo'q.

- 24 noyabr Kubok yarim finali bo'ladi. Undan keyin esa sovringa erishish uchun yana bir qadam qoladi. Sizning boshqa murabbiylardan farqli jihatingiz - tig'iz taqvimda o'ynashni yoqtirishingiz haqida ko'p gapirasiz. To'rt kun ichida navbatdagi uchrashuvga qanday tayyorgarlik ko'rasiz? Psixologik va jismoniy jihatdan futbolchilar charchashi tabiiy. Masalan, Tojiev har uch kunda o'ynash jamoaga ta’sir qilayotgani, jarohatlar ko'payishi haqida gapirdi. Siz esa aksincha, bunday taqvimni maqul ko'rasiz. Buning sababi nimada?

- Hammasi nimalarga o'rganganingizga bog'liq. Ko'plab jamoalarda muammo bor: ular yig'inlarda yaxshi tayyorgarlik ko'rishadi, kuniga ikki mahal mashg'ulot o'tkazishadi, kuch mashqlarini bajarishadi. Ammo mavsum boshlangach, bu ishlarning barchasini to'xtatishadi. Biz esa bunday qilmaslikka harakat qilamiz. Mavsum boshida qanday ishlagan bo'lsak, o'sha tayyorgarlik darajasini mavsum oxirigacha saqlab qolishga intilamiz. Turkiyaga yig'in uchun borganingizda, har bir futbolchi kuniga ikki mahal mashg'ulot o'tkazadi. Har ikki-uch kunda o'rtoqlik uchrashuvlarida ishtirok etadi. Shunda hech kimda kuch-quvvat yetishmayotgani yoki mashg'ulotlardan charchagani haqida shikoyat bo'lmaydi. Ammo mavsum boshlangach, shikoyatlar boshlanadi: "Yaxshisi, dam olaylik, futbolchilar uyda o'tirsin", deyishadi. Natijada jismoniy tayyorgarlik darajasi ham pasayadi. Uch kunda bir marta o'ynash - g'ayrioddiy holat emas. Dunyodagi deyarli barcha chempionatlarda jamoalar har uch-to'rt kunda maydonga tushishadi. Ular bu tartibda faqat mavsumning bir qismida emas, balki butun mavsum davomida o'ynashadi. Barchasi klubda qanday sharoitlar borligiga, qanday yordamchilar va mutaxassislar ishlashiga bog'liq.

O'xshash yangiliklar

Manba: championat.asia