

FIFA Jahon chempionatiga yo'llanma olish nafaqat O'zbekiston futboli, balki Yangi O'zbekistonning butun sport harakati tarixidagi eng buyuk yutuqlardan biri sifatida abadiy qoladi. Markaziy Osiyodan Jahon chempionatiga chiqqan ilk mamlakat sifatida bu butun xalqimiz uchun ulkan tarixiy voqea bo'ldi.
Bu muvaffaqiyat amalga oshirilayotgan islohotlar o'z samarasini berayotganini va mamlakatimiz dunyoning yetakchi sport davlatlari qatoridan munosib o'rin egallayotganini yana bir bor tasdiqladi.
Ayniqsa, terma jamoamiz o'yinlarini nafaqat stadionlarda minglab vatandoshlarimiz, balki dunyoning turli mamlakatlaridagi son-sanoqsiz muxlislar ham kuzatgani quvonarlidir. Bu bizning dunyoga ochilgan oynamiz bo'ldi. Mexiko, Xyuston va Atlantadagi futbol muxlislari O'zbekistonning xushmuomala, samimiy va mehmondo'st qadriyatlarini aks ettirgan o'zbek muxlislari bilan tanishdilar. Muxlislarimiz dunyoning turli burchaklaridagi muxlislar bilan uzoq yillik do'stlik aloqalarini o'rnatganiga va shu orqali odamlarni O'zbekistonga tashrif buyurishga, uning mehmondo'stligi hamda boy madaniyatini yaqindan bilishga ilhomlantirganiga shubham yo'q.
Futbolchilarimizning o'yinlari butun dunyo e'tiborini tortdi, ularning fidoyiligi, xarakteri va kurashuvchanligi esa millionlab futbol muxlislarining qalbidan joy oldi. FIFA Jahon chempionati – 2026 davomida Google qidiruv tizimida "Uzbekistan" so'zi bo'yicha qidiruvlar 450 foizga oshdi.
Jahon chempionatidagi ishtirokimiz futbol va sportning barcha darajalariga yillar davomida amalga oshirilgan puxta rejalashtirilgan strategik investiciyalarning natijasi bo'ldi. Bu homiyliklar va translyatsiyalarga bo'lgan qiziqishning ortishi, sport turizmi hamda xalqaro hamkorliklarning kengayishi orqali yangi iqtisodiy imkoniyatlarni yaratdi. Ishonchim komilki, bunday miqyosdagi turnirda orttirilgan tajriba kelajakdagi g'alabalar uchun mustahkam poydevor bo'lib xizmat qiladi.
Bu yo'l hech qachon oson bo'lishi mumkin emas edi. Mag'lubiyatlar o'sishning bir qismidir. Ular xarakterni shakllantiradi, qimmatli saboqlar beradi va kelajakdagi g'alabalarni yanada mazmunli qiladi. Eng muhimi, oldinga harakat qilishda davom etishdir. Biz rivojlanishda, o'rganishda davom etamiz va to'xtamaymiz. Bu o'zbek futbolining buyuk sayohatidagi ilk qadamlar, xolos.
So'nggi yillarda O'zbekistonda futbol infratuzilmasiga yo'naltirilgan investiciyalar tub burilish yasadi. Bugungi muvaffaqiyatimizning asosi bo'lgan inshootlar, akademiyalar va dasturlar rivojlantirildi. Jumladan, mahallalarning qariyb 70 foizida mini-maydonlar qurildi, taxminan 15 mingta maktab sport maydonlari ta'mirlandi va bugungi kunda 65 mingdan ortiq yosh futbolchini qamrab olgan maxsus futbol maktablari tarmog'i yaratildi.
Shuningdek, biz tariximizdagi eng yirik – 55 ming tomoshabinga mo'ljallangan yangi stadion qurilishiga sarmoya kiritmoqdamiz. U Ozarbayjon bilan hamkorlikda mezbonlik qiladigan 2027 yilgi FIFA U-20 Jahon chempionatiga tayyor bo'ladi. Sarflangan har bir so'm uzoq muddatli va izchil strategiyaning bir qismi bo'ldi. Natijalar esa o'z-o'zidan gapirmoqda: FIFA Jahon chempionatiga chiqish, Angliya Premer-ligasida o'ynayotgan Abduqodir Husanov va Parij – 2024 Olimpiadasida qo'lga kiritilgan 13-o'rin bunga yaqqol misoldir.
Biz ommaviy futbol bosqichidan professional va xalqaro darajagacha bo'lgan uzluksiz tizimni shakllantirdik. Bu iqtidorli yosh futbolchilarni aniqlash, rivojlantirish va faoliyati davomida qo'llab-quvvatlash imkonini bermoqda. Ushbu maqsadlarning yorqin timsoli – Toshkentdagi yangi Olimpiya shaharchasidir. Markaziy Osiyodagi eng yirik sport majmuasi bo'lgan ushbu maskan sportchilarimizga eng zamonaviy texnologiyalar va jahon darajasidagi sharoitlarda mashg'ulot o'tkazish imkonini beradi.
O'zbekistonning yoshlar rivojiga qaratayotgan e'tibori allaqachon o'z samarasini bermoqda. Qizlar o'rtasidagi U-17 terma jamoamiz 2023 yilda Tojikistonda o'tkazilgan CAFA chempionatida birorta ham mag'lubiyatga uchramay chempion bo'ldi. Mamlakatimizda esa O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi ayollar futbolini yanada rivojlantirishga qaratilgan qator strategik tashabbuslarni amalga oshirmoqda.
O'zbekiston futbolining kelajagi porloq. 2025 yilda mezbon Saudiya Arabistonini finalda mag'lub etib, AFC U-17 Osiyo kubogi chempioniga aylandik. Bundan tashqari, ayollar milliy terma jamoamiz 2026 yilda Avstraliyada o'tgan AFC Ayollar Osiyo kubogida chorak finalga qadar yetib bordi.
Yaqin kelajakdagi yana bir muhim voqea – O'zbekistonning 2029 yilgi AFC Ayollar Osiyo kubogiga mezbonlik qilish huquqini qo'lga kiritganidir. Biz ushbu musobaqani qabul qiladigan ilk Markaziy Osiyo davlati bo'lamiz. Bu, albatta, mamlakat bo'ylab ayollar futbolini rivojlantirish uchun ulkan maydon yaratadi.
O'zbekistonning FIFA Jahon chempionatidagi ishtiroki nafaqat futbol, balki mamlakatimizdagi sport va milliy o'zlik uchun ham tarixiy ahamiyatga ega voqea bo'ldi.
Aholimizning qariyb 60 foizi 30 yoshgacha bo'lgan yoshlar ekanini hisobga olsak, bu muvaffaqiyat minglab yosh o'zbekistonliklarni futbol o'ynashga, murabbiylik, sport ilmi, sport menejmenti va futbol biznesi kabi sohalarda faoliyat yuritishga ilhomlantiradi. Bu esa mamlakatimiz sport tizimining uzoq yillar davomida ravnaq topishiga xizmat qiladi.



