Osiyo mamlakati assotsiatsiyasi FIFA a'zolig'idan chiqarildi

26 iyun 2026, 12:05
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) Butunnepal futbol assotsiatsiyasining (ANFA) tashkilotga a'zoligini vaqtincha to'xtatish haqida qaror qabul qildi hamda mamlakat terma jamoasi va klublariga xalqaro turnirlarda ishtirok etishni taqiqladi.

Bu haqda "The Himalayan Times" gazetasi xabar bermoqda.

FIFA bosh kotibi Mattias Grafstryomning ANFA rahbari Kiran Rayga yo'llagan xatiga ko'ra, ushbu qaror Milliy sport kengashi (NSC) tomonidan FIFA ustavining "qo'pol ravishda buzilishi", ular o'rtasida futbol assotsiatsiyasidagi saylov jarayoniga oid hal etilmagan nizo hamda saylovlarga uchinchi shaxslarning aralashuvi bilan bog'liq.

ANFA FIFA a'zosi sifatidagi barcha huquqlaridan mahrum bo'ladi. Assotsiatsiya va uning vakillari endilikda FIFA hamda Osiyo futbol konfederatsiyasi (AFC) tomonidan tashkil etiladigan rivojlanish dasturlari, kurslar yoki mashg'ulotlarda ishtirok eta olmaydilar.

FIFA ANFA a'zoligini tiklash uchun ikkita shart qo'ydi. Birinchisi: NSC'ning 25 martdagi qarorini to'liq va so'zsiz bekor qilish. O'shanda Butunnepal futbol assotsiatsiyasi ijroiya qo'mitasi faoliyati uch oyga to'xtatib qo'yilgan va ular saylovlarni sport tashkilotining roziligisiz o'tkazishda hamda xalqaro tashkilotlar ko'rsatmalarini milliy qonunchilikdan ustun qo'yishda ayblangan edi. Ikkinchisi: ANFA'ga boshlangan saylov jarayonini o'z ustaviga muvofiq yakunlash imkoniyatini berish.

Nusxasi Osiyo futbol konfederatsiyasiga (AFC) ham yuborilgan ushbu xatda taqiq "keyingi ogohlantirishgacha" kuchida qolishi takidlangan. Shuningdek, FIFA qabul qilingan qaror haqida o'zining barcha a'zolarini ogohlantirgan.

O'xshash yangiliklar


Manba: FIFA.com