

Xususan, "Tezkor studiya"ning navbatdagi sonida taniqli sport jurnalistlari Nodirxo'ja Yuldashev, Tolibjon Qosimov hamda Narzulla Saydullaev musobaqadagi yirik hisoblar, terma jamoalarning tayyorgarlik tizimidagi kamchiliklar va O'zbekiston milliy terma jamoasining guruhdan chiqish imkoniyatlari xususida atroflicha fikr almashdilar. Studiyada yangragan eng muhim tezislar va tahliliy xulosalarni e'tiboringizga havola etamiz.
Yirik hisoblar - ishtirokchilar soni ko'paygani oqibatimi?

Nodirxo'ja Yuldashev: - Ko'pchilik Jahon chempionatida ishtirokchilar soni 48 taga etkazilgani bois yirik hisoblar qayd etilayotganini takidlamoqda. Biroq bundan avvalgi formatlarda ham bunday natijalar kuzatilgan. Masalan, o'z vaqtida afsonaviy Braziliya terma jamoasi o'z darvozasidan 7 ta gol o'tkazib yuborgan edi. Kecha statistikada qayd etganimdek, bu turnir tarixidagi 11-yirik hisob sifatida muhrlandi. Yani, uchrashuvlarda 6 ta va undan ortiq to'p farqi yuzaga kelgan holatlar ilgari ham bo'lgan.

Narzulla Saydullaev: - Shu o'rinda Kyurasao terma jamoasining o'yiniga e'tibor qaratish lozim, ular uchun bu bahs haqiqiy bayramga aylandi. Diqqat qiling, ular 0:6 hisobida ortda qolayotgan paytda emas, balki o'yin boshida, 0:1 vaziyatida muvozanatni tiklab, hisobni 1:1 ko'rinishiga keltirishdi. Bunday saviyadagi musobaqada ushbu jamoa uchun bu juda katta muvaffaqiyatdir.

Travmalar epidemiyasi: Futbolchilarni tayyorlashda qayerda xatoga yo'l qo'yilmoqda?
Nodirxo'ja Yuldashev: - Biz Osiyo Kubogi arafasida ham aynan mana shunday muammoga duch kelgan edik. Yirik turnir yaqinlashgan sayin futbolchilarimiz orasida jarohat olish holatlari keskin ko'payib ketadi. Bu esa ichki tizimda, yani o'yinchilarni jismoniy jihatdan musobaqaga tayyorlash jarayonida muayyan xatoliklarga yo'l qo'yilayotganidan dalolat beradi.

- Bundan uch yil avval Qatarda o'tgan Osiyo Kubogida hozirgidek kuchsiz terma jamoalar yig'ilmagan edi. Qizig'i shundaki, o'shanda ham Husniddin Aliqulov va Hojiakbar Alijonov aynan turnir oldidan jarohat olgandi. Eldor Shomurodov musobaqa boshlanguncha safdan chiqqan bo'lsa, Igor Sergeev bevosita turnir davomida shikastlandi. O'sha davrda Janubiy Koreya va Yaponiya o'zlarining eng yaxshi sport formasida emasdi. Hozirga kelib esa Yaponiya qitaning haqiqiy gigantiga aylandi, Avstraliya ham tarkibni sezilarli darajada yoshartirib, o'sishga erishdi. O'tgan Osiyo Kubogida esa ular ancha zaif ko'ringan edi.
O'zbekistonning imkoniyatlari: Navbatdagi raqiblar va pley-off matematikasi.

Nodirxo'ja Yuldashev: - Agar to'plar nisbati ijobiy bo'lsa, hatto 3 ochko bilan ham guruhdan keyingi bosqichga yo'l olish imkoniyati mavjud. Buning uchun biz Kolumbiya va Portugaliyaga qarshi bahslarda yuqori sifatli o'yin namoyish etishimiz talab etiladi. Odatda, eng yaxshi ko'rsatkichga ega 3-o'rin sohiblari o'z guruhlarida 3 yoki 4 ochko jamg'arishadi. Agar keyingi raundga yo'llanma olsak, katta ehtimol bilan Angliya terma jamoasiga qarshi maydonga tushishimiz mumkin.

Narzulla Saydullaev: - Bordi-yu, guruhdagi barcha jamoalar 3 tadan ochko jamg'arsa, keyingi o'rinlar to'plar nisbati hamda futbolchilar olgan sariq va qizil kartochkalar soniga qarab belgilanadi. Ko'rsatkichlar bunda ham teng kelib qolgan taqdirdagina, yakuniy qaror FIFA reytingiga asoslangan holda qabul qilinadi.

Homiylarimiz: CAU, “InfinBank”, “AKFA”, “Ucell”, “TT LLC”, “Black Cofee”, “OfoTour”



