"Birinchi golni urgan jamoada ustunlik bo'lardi" - Sardor Sobirxo'jaev

Aslanov Jasurbek
10 sen 2026, 01:27
"Paxtakor" yarim himoyachisi Sardor Sobirxo'jaev OKMK bilan o'yindan keyin taassurotlari bilan bo'lishdi.

​- O'yin haqida nima deya olasiz?
- Kutilganidek og'ir bahs kechdi. O'zi OKMK ham doimo ochiq va hujumkor futbol tarafdori bo'lgan jamoa. Shu sababli qaysi jamoa birinchi bo'lib gol ursa, ustunlik o'sha tomonga o'tishi aniq edi. Birinchi golni biz kiritdik va yakunda g'alabani qo'lga kiritdi.

- Ro'ziqul Berdiev ham avvalroq OKMKni O'zbekistondagi eng yaxshi hujumkor jamoa deb etirof etgandi. O'tgan mavsumda "Paxtakor" bu yerda mag'lubiyatga uchragan edi. Bu safar ularga qarshi o'ynash qanchalik qiyin kechdi? Xavfli vaziyatlar bo'yicha baribir mezbonlarda ustunlik bo'ldi shekilli?
- Ha, to'g'ri. Eng xavfli vaziyatlarni oladigan bo'lsak, raqibda imkoniyatlar ko'proq bo'ldi. Lekin biz kam sonli vaziyatlarimizdan unumli foydalandik, ular esa foydalana olishmadi. Asosiy farq shunda bo'ldi. Bahs taqdirini birinchi gol hal qilib berdi.

​- "Obod" va "Bunyodkor" dagi faoliyatingizdan yaxshi eslaymiz - uzoq masofalardan ajoyib zarbalar yo'llardingiz. Lekin oxirgi 3-4 yilda uzoqdan zarba berganingizni deyarli ko'rmayapmiz. Bugun ham ikkita qulay vaziyatda zarba berish o'rniga uzatma berishni maqul ko'rdingiz. Zarba berishdan to'xtaganingizga nima sabab bo'ldi?
- Buning alohida bir sababi yo'q. Shunchaki jamoadoshlarim qulayroq vaziyatda bo'lishgani uchun ularga pas berishni lozim topdim. Vaziyat bo'lsa, albatta, o'zim ham zarba beraman. Masalan, "Andijon"ga qarshi o'yinda ham zarba berdim, to'g'ri, u yerda masofa yaqinroq edi. Hammasi maydondagi vaziyatga bog'liq.

​- Oldinda "Paxtakor"ni "Al-Ahli"ga qarshi o'yin kutib turibdi. Bu bahs haqida qanday fikrdasiz?
- Chempionlar Ligasi - umuman boshqa daraja. " Al-Ahli" - oxirgi ikki yilda barqaror va kuchli o'yin ko'rsatib kelayotgan jamoa. Juda og'ir uchrashuv bo'ladi. Xudo xohlasa, u yerdan kamida ochko bilan qaytish uchun bor kuchimizni ishga solamiz.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia