O'FA terma jamoalar bo'limiga ochiq savol: 2 ta o'yin kam emasmi yoki yana "oqlar-ko'klar"ga qaytamizmi?

Iskandarov Abdulaziz
13 sen 2026, 11:20
Navbatdagi FIFA kunlari boshlanishiga sanoqli kunlar qoldi.

21 sentyabrdan 6 oktyabrcha bo'lgan 16 kunlik FIFA kunlari kutib turibdi. Bu davrda milliy terma jamoalar bemalol 4 ta bahs o'tkazish imkoniga ega.

Soddaroq aytganda, futbol dunyosi katta tezlikda oldinga intilmoqda. Biz esa hanuz “raqib kim bo'larkin? “ degan savol bilan kun sanab o'tiribmiz.

Yaqingacha Argentina-yu Urugvay, Yevropaning o'rtamiyonalari va Afrikaning jismonan baquvvat jamoalari bilan o'rtoqlik o'yinlari o'tkazib, o'zimizni chalg'itishga, elitaga yaqinlashdik degan illyuziya bilan yashashga o'rganib qolgandik. Ammo yaqindagina o'tgan Jahon chempionati, undagi shafqatsiz haqiqatlar ko'zimizni ochdi. Futbol bizga shunday beshafqat ko'zgu tutdiki, unda asl qiyofamizni, Osiyo va dunyo futbolidagi asl o'rnimizni ko'rib, sovuq ter bosdi.

Sun'iy ravishda yaratilgan manzilga emas, o'z darajamizga qaytish vaqti keldi. Osiyo jamoalari raqibligini eshitib tabimiz hira bo'layotgan bo'lsa, demak, muammo raqibda emas, mag'rurligimizda. O'zimizga haddan tashqari yuqori baho berib yuborganimizda. Endi Osiyoga qaytamiz.

Forslar doimgi raqib, Koreya bilan mo'jiza kutmang

Hozircha oldindagi FIFA kunlarida ikki raqib aniq: Eron va Janubiy Koreya.

Forslar bilan to'qnashuvlar tarixiga qarasang, xuddi bir filmni qayta-qayta ko'rayotgandaysan. Rasmiy turnir, o'rtoqlik musobaqasi, saralash - Eron bizning doimiy va zerikarli hamrohimizga aylanib bo'ldi.

5740.jpg

Janubiy Koreya bilan qarama-qarshilik esa boshqa masala. Ularni rostdan ham sog'indik. Oxirgi marta 2018 yilda, Avstraliya maydonlarida Ektor Kuper boshchiligida Koreyaga 0:4 hisobida imkoniyatni boy berib, Livan bilan 0:0 hisobli durangni boshdan kechirgandik. O'shanda ham Osiyo kubogi oldidan hozirlik ko'rayotgan edik. Oradan yillar o'tdi. Bir avlod nafaqaga chiqdi, yangisi keldi. Shu davr ichida biz 1 ta mundial orzusi bilan yashagan bo'lsak, koreyaliklar 3 ta Jahon chempionatini boshdan kechirishdi.

Bu safar Kannavaro yangi nomlarni qanday sinashi qiziqdir. Lekin tan olish kerak, bu o'yindan ham hech kim mo'jiza kutayotgani yo'q. O'z nomi bilan bu o'rtoqlik uchrashuvi.

5741.jpg

Do'ppini bir chetga qo'yib gaplashamiz: Yana o'sha eski “kasallik”mi?

Asosiy va eng og'riqli savol ochiqligicha qolmoqda: Qolgan 2 ta o'yinga raqib qani?

FIFA kunlari boshlanishiga bir hafta qolganda, butun futbol olami raqiblarining taktikasini o'rganayotgan bir paytda, bizda hanuz raqib qidirilmoqda. Boshqa terma jamoalarda sparring-raqiblar allaqachon e'lon qilinib, logistika va mehmonxonalar band qilib bo'lingan. Bizda esa sukunat.

Yana o'sha eski, achchiq xotiralar yodga tushadi. Vaqtida raqib topa olmay, “oqlar” va “ko'klar”ga bo'linib o'ynaganlarimiz, Superligadagi legionerlardan yig'ilgan terma jamoaga qarshi maydonga tushirganimiz... Yevropa va Janubiy Amerikaning eshigini qoqib, Argentinadan tortib Avstraliyagacha xat yozib chiqqanlarimiz... Turkiya milliy terma jamoasi Toshkentga kelishi aniq bo'lib turganda, oxirgi soniyalarda o'yinning bekor qilinishi…

5737.jpg

Nahotki, o'sha beburd va professionallikdan yiroq kunlar yana qaytmoqda?

Chiroqlari o'chgan o'zbek futboli

Agar faraz qilaylik, tasodifan raqib topildi ham deylik. Xo'sh, ularni qayerda qabul qilamiz? Mana bu yerda tomoshaning eng kulgili va og'riqli qismi boshlanadi.

Poytaxtdagi asosiy stadionimiz -

“Bunyodkor”ning ahvoliga qarab yig'lashni ham, kulishni ham bilmaysan. Birining chimi abgorlikdan endi-endi o'ziga kelyapti. Toshkentning boshqa bir burchagida esa svet yo'q! Ajabtovur komediya: paytida millionlab dollar sarflab qurilgan, mamlakatning bosh arenasi hisoblangan stadionda oddiy chiroq va maydon chimi muammo!

Biz XXI asrda, Jahon chempionatida qatnashgan terma jamoa poytaxtda xalqaro o'yin o'tkaza olmaydigan darajada zaifmiz. Jahonning gigant jamoalarini qo'ying, Osiyoning o'rtamiyona termasini ham bunday arenaga taklif qilish - shunchaki uyat! Yaxshi ham bitta o'yinni Farg'onada qabul qilamiz.

Bunday sharoitda nafaqat raqib topish, balki Toshkentda o'yin tashkillashtirishning o'zi katta so'roq ostida qoladi.

5744.jpg

Xulosa o'rnida

Milliy terma jamoa - bu tajriba o'tkazish maydoni emas. Kannavarodan Osiyo Kubogida natija kutiladi. Ikkita o'yin bilan cheklanib, qolgan kunlarni kim raqib bo'lishini kutib o'tirish, bilmadim.

O'FA va terma jamoalar bo'limidan rasmiy va aniq javob kutamiz: Biz kelajakka tayyorgarlik ko'ryapmizmi yoki yana “oqlar-ko'klar” o'yiniga chipta sotamizmi?

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia