Nodirbek Abdurazzoqov: "OKMKni mavsum boshida hech kim eslamaydi, bu holat menga yoqmaydi"

Iskandarov Abdulaziz
4 apr 2025, 17:04
Superliga turnir jadvalida yuz foizlik natija qayd etib turgan yagona jamoa OKMK bo'lib turibdi.

Olmaliqliklar "Buxoro", "Paxtakor", "Qizilqum"dan 3 ochko tortib olishning uddasidan chiqdi. Bu o'yinlarda jamoa yarim himoyachisi Nodirbek Abdurazzoqov o'zidan ijobiy taassurot qoldirmoqda. Futbolchi 3 ta o'yinda 2 ta gol va 1 ta assist muallifiga aylandi. OKMK 4-turda Vadim Abramov boshchiligidagi "Dinamo"ni qabul qiladi. 

- Superliga OKMK uchun juda yaxshi ko'rsatkichlar bilan boshlandi. Dastlabki turlar qanday taassurot qoldirdi?

- Taassurotlar ajoyib. Yil oxirigacha shunday bo'lishi uchun maksimal harakat qilamiz. 

- Jamoaning muhim figurasiga aylangansiz. Bu optimal holatga qanday keldingiz?

- O'ylashimcha, ko'proq o'yin amaliyoti va murabbiy tomonidan berilgan ishonch samarasi. Terma jamoadagi o'yinlarim ham ruhiy tomondan yaxshiroq bo'lishi uchun yordam berdi. Bu bilan to'xtab qolmoqchi emasman va oldinga intilishda davom etaman. 

- Chempionlik uchun favorit sifatida "Neftchi", "Nasaf", "Paxtakor" jamoalari ko'rilmoqda. Bu jamoalar ochko yo'qotishga ulgurdi. OKMK bu yil qanday sovg'a ko'rsatishi mumkin?

- Har yili shunday. OKMKni yil boshida eslashmaydi ham. To'g'risini aytsam bu holat menga yoqmaydi. Jo'jani kuzda sanaymiz. 

- Golni turlicha nishonlaysiz. Bunda qandaydir reja bo'ladimi yoki kimgadir bag'ishlaysizmi?

- To'g'ri har xil nishonlayman. Lekin gol urganimdan so'ng albatta sajda qilaman. Asosiy gol nishonlashim sajda hisoblanadi. 


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia