Navro'z Alimov: "Maqsadimiz - “Aral” va “Jayxun”ga futbolchi etkazib berish"

Aslanov Jasurbek
13 may 2026, 11:54
"Navbahor" hamda Qoraqalpog'iston FA o'rtasidagi O'zbekiston Kubogi bahsidan (9:0) so'ng, mehmonlar ustozi Navro'z Alimov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

Navro'z Alimov: “Yoshlar qo'lidan kelgancha harakat qildi, ammo daraja baribir o'z so'zini aytdi. Bunday bahslarda asosiy maqsad - tajriba orttirish”.

- Sizning jamoangiz OKMKga ham yirik hisobda taslim bo'lgan. Futbolchilar bunday bahslarda o'sishga erishganini sezyapsizmi?

- Albatta. Asosiysi yigitlarning ruhi tushib kyetmadi. OKMKga mag'lub bo'lganimizdan so'ng Mirjalol Qosimov kiyinish xonasiga kirib, taslim bo'lmaslik kerakligini aytib, minnatdorchilik bildirib, yigitlarga motivaciya berib ketgan.

- O'zbekiston Kubogi shunday yosh jamoalar uchun reklama maydoni hisoblanadi. Shunday bahslardan so'ng futbolchilarga qiziqish bo'lyaptimi?

- Maqsadimiz - “Aral” va “Jayxun”ga futbolchi etkazib berish. Ikki yildan beri shu vazifani bajarib kelmoqdamiz va har yili yangi jamoa tuzamiz. Shu ikki yil ichida 10 dan ortiq futbolchi yetishtirib berdik.

- Futbolchi Navro'z Alimov bilan murabbiy Alimovning farqi bormi?

- Hozir ancha bosiqroqman. Futbolchilik paytimda hissiyotlarga ko'p berilardim, hozir esa katta bo'lib qoldik. Izlanishda, o'rganishda davom etib, futbolchilar yetishtirib berishga harakat qilamiz.

- O'zbekiston Kubogida “Navbahor”ni favorit sifatida ko'ryapsizmi?

- “Neftchi” va “Navbahor”ni yetakchi sifatida ko'ryapman degan bo'lardim. Kubok finalida vodiy derbisiyam bo'lsin.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia