

✅ OKMK – "Lokomotiv"
Fikrimizcha, hakam to'g'ri qaror qabul qildi va o'yinni davom ettirdi. Penalti belgilash uchun asos ko'rmayapmiz: OKMK himoyachisini jazolashga hech qanday sabab yo'q, chunki chalish, oyoqqa zarba berish, itarish yoki ushlab qolish holatlari yo'q. Agar kontakt bo'lgan bo'lsa ham, bu mutlaqo tabiiy va o'yin holati.
✅ "Mashal" – "Buxoro"
VAR to'g'ri aralashdi va hakamni monitor yoniga chorladi. "Mashal" o'yinchisi raqibining oyoqlariga sakramoqda, haddan tashqari kuch ishlatib, butsa tishlari bilan to'piqdan yuqoriga zarba bermoqda. To'g'ri qaror – qoidani jiddiy buzganligi uchun qizil kartochka.
❌ "Mashal" – "Buxoro"
Ushbu unchalik aniq bo'lmagan rakurslarga qarab, “Buxoro” o'yinchisi havodagi kurashda qo'li bilan raqibining yuziga zarba bergan, deb taxmin qilish mumkin. Bizningcha, bu vaziyatda qo'pol o'yin uchun sariq kartochka ko'rsatishga asos bor, biroq qizil kartochka ko'rsatishga munosib emas.
❌ "Paxtakor" – "Nasaf"
Katta ehtimol bilan hakam "Paxtakor" futbolchisi to'pni qabul qilayotib, uni o'zidan ancha uzoqlashtirib yubordi, deb hisoblagan. To'p undan katta tezlikda "Nasaf" darvozaboni tomon uchmoqda, darvozabon esa to'pga chiqib o'ynay olardi. Hakam vaziyatni aynan shunday baholagan bo'lsa kerak.
Ammo bizningcha, bu baribir qizil kartochka. Agar qoidabuzarlik bo'lmaganida, "Paxtakor" futbolchisi to'pni unchalik yaxshi o'zlashtira olmaganiga qaramay, darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqib ketishi mumkin edi. Bu yerda, nazarimizda, vaziyat sariqdan ko'ra qizil kartochkaga yaqinroq.
✅ "Paxtakor" – "Nasaf"
Maydondagi hakamga to'qnashuvning barcha tafsilotlarini ko'rish qiyin edi, biroq takroriy lavhalarda "Nasaf" himoyachisi qo'lini siltaganini va raqibining yuziga tegib ketganini ko'rib turibmiz. Bizningcha, to'g'ri qaror – penalti va qo'pol o'yin uchun sariq kartochka.
✅ "Neftchi" – "Qo'qon-1912"
Ushbu vaziyatda hakam, bizning fikrimizcha, haqli ravishda qizil kartochka ko'rsatdi. "Qo'qon-1912" o'yinchisi raqibini ko'rib turibdi, butsa tishlari bilan raqib tanasining juda yuqori qismiga zarba bermoqda, bosim va haddan tashqari kuch ishlatish bor. Bunday harakatlar jiddiy jarohatga olib kelishi mumkin. To'g'ri qaror – qoidani jiddiy buzganligi uchun chetlatish.
❌ "Qizilqum" – "Xorazm"
Juda murakkab vaziyat. Jarima zarbasidan uzatma amalga oshirilmoqda, "Qizilqum"ning 15-raqamli o'yinchisi ofsayd chizig'ida turibdi. Biroq u to'p uchun kurashga kirguniga qadar, "Xorazm" himoyachisi unga nisbatan qoida buzmoqda. Qo'l bilan engil itarishni biz qoidabuzarlik deb hisoblamaymiz, lekin bu yerda oyoqlarda ham kontakt bor: "Xorazm" himoyachisi raqibini orqadan chalib, uni yiqitmoqda. Bizningcha, to'g'ri qaror – ehtiyotsizlik oqibatidagi qo'pollik uchun penalti.
❌ "Qizilqum" – "Xorazm"
"Xorazm" o'yinchisi to'pga o'ynamoqda, shundan so'ng, bizning fikrimizcha, muqarrar kontakt yuz bermoqda va bu jazolanmaydi. To'g'ri qaror – o'yinni davom ettirish.
✅ "Bunyodkor" – "Navbahor"
Bosh hakam va VARning qaroriga qo'shilamiz: “Bunyodkor”ning goli to'g'ri bekor qilindi. Hujumchi raqib bilan kurash oqibatida maydonga yiqilayotib, to'p darvoza chizig'ini kesib o'tishidan avval unga qo'li bilan tegib ketgan.
Shu tariqa, Superliganing 10-turi uchrashuvlarida hakamlar to'rtta qo'pol xatoga yo'l qo'yishdi.



