"Monako" Pogba bilan shartnomani muddatidan oldin bekor qilish imkoniyatini ko'rib chiqmoqda

Sherzod Nurmatov
29 yanv 2026
Maydonga qaytganidan so'ng Pol Pogba avvalgi o'yin formasini tiklay olmadi va endi "Monako" safida futbolchi bilan kelishuvni belgilangan muddatdan oldin bekor qilish varianti jiddiy muhokama qilinyapti.

O'tgan yozda monegasklar jahon chempioni unvoni sohibi bo'lgan futbolchini shov-shuvli tarzda jamoaga qo'shib olgandi. Klub Pogbaning uzoq tanaffusdan so'ng tiklanishi va o'yin ritmiga kirishi uchun vaqt kerak bo'lishini tushungan. Biroq moslashuv jarayoni cho'zilib ketdi: barcha o'yinlarda ishtirok etgan vaqti davomida fransiyalik futbolchi maydonda jami taxminan 30 daqiqaga yaqin o'ynagan xolos.

Italiyaning "La Gazzetta dello Sport" nashrining xabar berishicha, jamoa rahbariyati futbolchi bilan mehnat shartnomasini bekor qilmoqchi. Holbuki rasmiy ravishda shartnoma 2027 yilning yozigacha mo'ljallangan.

Pogba mart oyida 33 yoshni qarshilaydi, ammo hozirda u mashg'ulot paytida olgan jarohati sabab yana tiklanish kursidan o'tmoqda. Uning asosiy tarkibga to'liq qaytishi istiqboli esa hozircha noaniq bo'lib qolmoqda.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: La Gazzetta dello Sport