Mirjalol Qosimov: "Jon saqlash uchun kurashgandan ko'ra o'ynamagan yaxshi"

Iskandarov Abdulaziz
9 yanv 2026, 16:35
OKMK bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov jamoaning qishki yig'inlari, tarkibdagi o'zgarishlar, yangi “Olimpiya” shaharchasidagi sharoitlar hamda Jahon chempionati qur'a tashlash marosimi haqida fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

- Ayni paytda barcha jamoalar tayyorgarlikni davom ettirmoqda. Bu yig'inda o'rtoqlik uchrashuvlari ham rejalashtirilganmi yoki asosiy e'tibor jismoniy holatni tiklashga qaratilganmi?

- Hech narsa shunchaki bo'lmaydi. 21 dekabr kuni 19 kunlik o'quv-mashg'ulot yig'inlarini boshladik. 3–15 yanvar kunlari navbatdagi yig'in o'tkaziladi. Albatta, o'rtoqlik uchrashuvlari ham rejada bor - faqat mashg'ulot bilan cheklanib qolmaymiz.

18–30 yanvar oralig'ida Amirliklarda yig'in bo'ladi va u yerda bir qator o'rtoqlik o'yinlari tashkil etiladi. Qaytib kelganimizdan so'ng futbolchilarga 3 kun dam beriladi. Fevral oyidan Antaliyada yig'inlar davom etadi. Shu vaqtga qadar musobaqa taqvimi ham aniq bo'lib qoladi.

- Yangi “Olimpiya” shaharchasidagi maydon sharoitlari qanday?

- Ajoyib. Hozirgi darajadagi maydonlar kam uchraydi. Bu Prezidentimiz va davlat rahbarlarining sportga katta e'tibor qaratayotganini yaqqol ko'rsatadi. Tayyorgarlik uchun barcha sharoit yaratilgan, endi bundan to'g'ri foydalanishimiz kerak.

- Jamoani tark etgan futbolchilarning o'rnini to'ldirish qiyin kechmayaptimi?

- Bu tabiiy holat. Ayrim o'yinchilarning talablari klub imkoniyatlariga mos kelmadi. Futbolda kelgan-ketgan doim bo'lgan. Hozir ularning o'rnini mahalliy o'yinchilar bilan to'ldiryapmiz. O'ylaymanki, raqobatbardosh jamoa shakllanadi.

Xorij yig'inlarida legioner nomzodlarni ham ko'rib chiqamiz. Agar talablarimizga javob bersa, albatta, shartnoma imzolaymiz. Tarkibning 80 foizini mahalliy futbolchilardan tashkil etamiz. Ularga imkoniyat beramiz, o'zlarini ko'rsatishsin. Biz murabbiy sifatida yo'l ko'rsatamiz, qolgani o'yinchining o'ziga bog'liq.

- OKMK har doim maksimal natijaga intilgan jamoa. Rahbariyat bilan uchrashuvda vazifalar ham belgilab olingandir?

- Albatta. Rahbariyat va murabbiylar tomonidan futbolchilarga maksimal harakat qilish zarurligi tushuntirildi. Jon saqlab qolish uchun kurashgandan ko'ra o'ynamagan yaxshi. Sportchi oldiga doim yuqori maqsad qo'yishi kerak. Eski gap bor: “Osilsang, baland dorga osil”. Harakat qilamiz, kuchli va raqobatdosh jamoa yaratamiz.

- Yaqinda Amerika Qo'shma Shtatlarida bo'lib, Jahon chempionati qur'a tashlash marosimida ishtirok etdingiz. Taassurotlar qanday?

- Bir tomondan alohida taklif olganimdan xursand bo'ldim. Demak, qilingan mehnatlar zoe ketmagan. Juda chiroyli tadbir tashkil etildi: afsonalar, qur'a tashlash marosimi, uch davlat rahbarlari ishtirok etdi. Nasib qilgan jamoalar guruhlarga tushdi. Terma jamoamiz Jahon chempionatiga bejiz chiqmagan. O'ylaymanki, munosib natija ko'rsatadi. Omad tilayman.

- Qur'ada nomdor va kuchli jamoalar tushdi...

- Gap-so'zlar bo'ladi, lekin biz o'zimizni hurmat qilamiz. Mundialga tasodifan chiqilmaydi - barchasi mehnat va saralash orqali qo'lga kiritiladi. Masalan, Italiya ham hali yo'llanmani hal qilgani yo'q.



Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia