Mbappe "Real" shifokorlariga ishonmayapti - u 3 oydan beri jarohat bilan o'ynab kelgan

Aslanov Jasurbek
9 mar 2026
Madridning "Real" klubi hujumchisi Kilian Mbappe tizzasidan olgan jarohatini davolash jarayonida klub tibbiy shtabiga ishonch bildirmayapti.

Bu haqda mashhur "L’Equipe" nashri jurnalisti Antuan Simonno ma'lum qildi.

Muammo nimada?

Avvalroq Mbappe tizza paylari cho'zilgani sababli 3 haftaga safdan chiqqani aytilgan edi. "Real" rahbariyati hujumchining 17 mart kuni Chempionlar Ligasi doirasida "Manchester Siti"ga qarshi kechadigan javob o'yinida maydonga tushishiga umid qilmoqda. Biroq Kilianning vakillari bunga keskin qarshi chiqmoqda.

Jurnalistning tafsilotlari va Benzemani davolagan shifokor:

Simonno "Cadena SER" radiosiga bergan intervyusida vaziyatni quyidagicha tushuntirib berdi:

"U "Real" shifokorlariga unchalik ishonmaydi, chunki ular 3 oy davomida uning jarohatiga to'g'ri echim topa olishmadi. U bundan uch oydan beri aziyat chekmoqda. Bunda qisman uning o'zi ham aybdor, chunki u Krishtianuning afsonaviy rekordini takrorlash maqsadida jarohat bilan o'ynadi va bu eng yaxshi fikr emasdi. Bu erda murabbiylarning ham aybi bor, ular futbolchi tayyor bo'lmasa-da, uni o'ynashga majbur qilishdi. Ispaniya Superkubogida u 15 daqiqa o'ynadi, lekin aslida maydonga tushmasligi kerak edi.

Jarohati bezovta qilishda davom etayotgani sababli u echim topish uchun Fransiyaga jo'nab ketdi. U Karim Benzemani ham davolagan, bunday jarohatlar bo'yicha eng kuchli mutaxassislardan biriga murojaat qildi".

Asosiy maqsad - Jahon chempionati:

Fransiyalik yulduzning kelgusi rejalari haqida to'xtalar ekan, jurnalist qo'shimcha qildi:

"U hozir 100 foiz tayyor emas va uning asosiy maqsadi - Fransiya terma jamoasi safida Jahon chempionatida o'ynash. Qolaversa, oldinda La Liga va Chempionlar Ligasi bahslari bor, shuning uchun u mavsum oxirini va mundialdagi ishtirokini xavf ostiga qo'ymoqchi emas. Uning vakillari Kilian toki 100 foiz tayyor bo'lmaguniga qadar maydonga qaytmasligini takidlashmoqda. So'nggi ikki yarim oy davomida qilganidek, u endi og'riq bilan o'ynab, tavakkal qilishni xohlamaydi".


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: L’Equipe