

Farg'onadagi "Istiqlol" o'yingohida ilk kungi mashg'ulotlarni olib borgan jamoa a'zolari tiklanish mashqlarini olib borishdi. Tarkibdagi o'zgarishlar haqida gap borar ekan, o'z oldiga Pro ligada jiddiy kurash olib borishni maqsad qilgan jamoa safini bir qator tajribali ijrochilar hisobiga boyitmoqda. O'tgan mavsum "Neftchi" jamoasi sharafini himoya qilgan Mansur Saidov, Dilyorbek Ermatov, Farrux Turdalievlar "Istiqlol" yig'iniga kelib qo'shildi. Shuningdek klub sobiq futbolchisi Mo'ydin Mamazulunovni ham ortga qaytardi. Futbolchi 2020 yilning ikkinchi davrasini "Oq-tepa" jamoasida o'tkazgandi. Bundan tashqari farg'onalik muxlislarga yaxshi tanish bo'lgan Iqbol Boboxonov, Shohruh Murotov, Elyor Mamasoliev, Xushnud Bozorov, Doston O'rinboev, Abduholiq Qurbonov, Rahmatillo O'ktamov ham ayni vaqtda mashg'ulotlarda ishtirok etmoqda.
Markaziy stadionda ham yangi mavsumga qizg'in hozirlik ketmoqda.
Mazkur stadion Pro liga ishtirokchilari - "Neftchi" va "Istiqlol" jamoalarining uy o'yingohi hisoblanadi. Bundan tashqari "Istiqlol" sport majmuasining asosiy hamda bir nechta zahira maydonlarida turli futbol musobaqalari, xususan Farg'ona viloyati 2-liga bahslari tashkil etib kelinadi.
Hozirda Farg'ona viloyati hokimligi, Farg'ona shahar obodonlashtirish boshqarmasi tashabbuslari stadionda ta'mirlash, xususan yangi mavsumga tayyorgarlik ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Shuningdek, biz bilan suhbatda bo'lgan "Istiqlol" stadioni xodimi Nodirbek Saidovning ma'lumot berishicha, stadion o'zining yangi logotipiga ega bo'ldi.






Fotosuratlar muallifi Bekzod Tolibov o'z muxbirimiz



