

Fransiya grandi PSJ bosh murabbiyi Luis Enrike jamoaga ijaradan qaytgan bir qator futbolchilarni asosiy tarkib rejalaridan chiqarib, zaxira jamoasi bilan mashg'ulot o'tkazishga yubordi.
Manba ma'lumotiga ko'ra, ispaniyalik mutaxassis o'zining kelgusi rejalarida Marko Asensio, Karlos Soler va Milan Shkrinyar kabi futbolchilarni ko'rmagan. Shu bois ularni yangi klub topilguncha kam xavfli, engil mashg'ulotlar olib boriladigan zaxira tarkib safida qoldirishga qaror qilingan.
Ma'lumot uchun, 28 yoshli Karlos Soler o'tgan mavsumni “Vest Xem” safida ijara asosida o'tkazgan va hozirda “Vilyarreal”ga o'tishga yaqin turibdi. 29 yoshli Asensio so'nggi yarim mavsumni Angliyaning “Aston Villa” jamoasida o'tkazgan bo'lsa, 30 yoshli slovak himoyachi Milan Shkrinyar “Fenerbaxche” safida to'p tepgan.
Asensio va Shkrinyarning turk klubi bilan aloqalari mustahkamlanmoqda - ularning faoliyati Turkiyada davom etishi ehtimoli yuqori.



