

“Har to'rt yilda kamida bir marta o'tkazilishi belgilangan Liga oliy rahbar organi - umumiy yig'ilish bugun - 2 oktyabr kuni 15:00 da boshlanadi. Unda Superliga va Proliga klublarining har biridan bir nafardan delegat, shuningdek, O'zbekiston futbol assotsiatsiyasidan bir nafar qonuniy vakolatli vakil ishtirok etishi ko'zda tutilgan.
Avvalroq 19 avgust sanasida Diyor Imomxo'jaev Assotsiatsiya prezidenti taqdimnomasiga asosan Liga Ijroiya qo'mitasi tomonidan O'zPFL bosh direktorligiga keyingi to'rt yil uchun tasdiqlangandi. Bugungi Umumiy yig'ilishda Liga Ijroiya qo'mitasining yangi a'zolarini saylash, Nazorat-taftish komissiyasi tarkibi hamda ayrim o'zgarish va qo'shimchalar kiritilayotgan Liga Ustavining yangi tahririni tasdiqlash masalalari kun tartibidan o'rin olgan.
Shuningdek, umumiy yig'ilishda Superliga va Proliga klublari rahbarlari ishtirok etayotganidan kelib chiqib, yana 3 ta masala bo'yicha fikr almashish rejaga kiritilgan:
• 2027 yilgi mavsum ishchi taqvimi
• yaqin kelajakda kuz-bahor formatiga o'tish masalasi
• professional futbol hakamligi sohasini isloh qilish
Umumiy yig'ilishda ko'rib chiqiladigan masalalar haqida batafsil ma'lumot onlayn taqdim etib boriladi.



