

Sharq mintaqasida kecha bo'lib o'tgan ikkita o'yin bilan to'rtinchi tur ham tugadi.
Bu musobaqada O'zbekistondan ikkita klub ishtirok etayotgani bois asosiy e'tibor G'arb mintaqasiga qaratib kelinmoqda. 16 ta jamoa ishtirok etayotgan musobaqa turdan turga qizimoqda. 4-tur yakunlariga ko'ra, BAAning "Al Ayn" klubi 12 ochko bilan peshqadamlikni davom ettiryapti. Osiyo Chempionlar Ligasining oxirgi g'olibi bungacha "Al Nassr"ni 4:0, Iroqning "Eyr Fors" klubini 4:1, "Traktor"ni 2:1 hamda bu tur "Al Ittihod"ni 4:1 hisobida mag'lub etdi. E'tibor bering-a, to'rtta o'yindan uchtasida jamoa raqiblar darvozasiga to'rttadan gol urgan.
Turnir jadvalida keyingi o'rinlarni 9 ochkodan uchta klub - "Al Hilol", "Istiqlol" va "Shabab Al Ahli" egallab turibdi. 16ta jamoadan 8tasi keyingi bosqichga yo'l olishini hisobga olsak, "Neftchi" 4 ochko bilan 9-o'rinda, "Paxtakor" esa 2 ochko bilan 14-o'rinda bormoqda. Farg'onaliklarda hozircha bir g'alaba, bir durang va ikki mag'lubiyat bor. "Paxtakor" esa ikki bor durang qayd etib, ikkita uchrashuvda imkoniyatni boy berdi.
Elit OCHLning Sharq mintaqasida nima gap? Aytish mumkinki, bu mintaqada ham o'yinlar davom etyapti va biz doim kuzatmaganimiz uchun nazarimizda jimgina ketayotgandek. Odatda Sharq mintaqasini bahor oylariga borib har ikkala mintaqa qo'shilganidan keyin chorak finaldan kuzata boshlaymiz (Agar shunda ham bizning jamoalar chorak finalga yetib borsa).
Xullas, jimgina davom etayotgan Sharq mintaqasi Elit OCHL haqida bugun biroz fikr yuritamiz. Bunda ham 16ta jamoa ishtirok etyapti va 8ta jamoa keyingi bosqichga chiqadi. Aytib o'tganimizdek, kecha bo'lib o'tgan ikkita o'yin bilan to'rtinchi turga yakun yasaldi.

Ishtirokchi jamoalar
Ushbu musobaqada ettita davlat vakillari bahs olib boryapti. Eng ko'p jamoa Yaponiyadan - 5ta. Shuningdek, Janubiy Koreya bilan Tailanddan uchtadan jamoa qatnashyapti. Xitoyning ikki klubi, Avstraliya, Vetnam va Malayziyadan bittadan jamoa Elit OCHL o'yinlarida o'z omadini sinab ko'rmoqda.

Yaponiya (5ta) - "Vissel Kobe", "Kashima Antlers", "Gamba Osaka", "Kashiva Reysol", "Kyoto Sanga".
Janubiy Koreya (3ta) - "Chonbuk Motors", "Tedjon Sitizen", "Poxang Stilers".
Tailand (3ta) - "Port", "Buriram Yunayted", "Ratchaburi".
Xitoy (2ta) - "Beyjing Goan", "Shanxay Port".
Avstraliya (1ta) - "Nyukasl Jets"
Malayziya (1ta) - "Johor Darul Tazim"
Vetnam (1ta) - "Kong An Xa Noy"


Turnir jadvali
Musobaqa jadvalida Yaponiyaning "Vissel Kobe" klubi peshqadamlikni qo'lga olgan. Bu jamoa hisobida 12 ochko bor: to'rt o'yin, to'rt g'alaba. Umuman olganda qatorasiga to'rtta o'rin yapon klublariga tegishli: "Vissel Kobe", "Kashima Antlers", "Gamba Osaka", "Kashiva Reysol".
So'nggi yillarda Osiyoda nom chiqarib olgan Malayziyaning "Johor Darul Tazim" klubi ham musobaqada o'zini ko'rsatib, 7-o'rinni egallab turibdi. Tailandning har uchala klubi hozircha o'zini ko'rsatgani yo'q. Shuningdek, Avstraliyaning yagona vakili "Nyukasl Jets" hozircha to'rtta uchrashuvning barchasida imkoniyatni boy berdi.

Yaqin tarixga nazar
Osiyo chempionlar Ligasi Elit deb nomlanmasidan oldin 2022 yil Yaponiyaning "Urava Reds" klubi g'oliblikni qo'lga kiritgandi. 2023 yil eskicha formatdagi OCHLning oxirgi mavsumi o'tkazilib, BAAning "Al Ayn" klubi zafar quchdi. Finalda "Yokogama Marinos" klubi mag'lub etilgan.
Oxirgi ikki mavsumdan beri Elit OCHL o'tkazib kelinayotgan bo'lsa, har ikkisida Saudiya Arabistonining "Al Ahli" klubi chempion bo'ldi. Birinchi finalda yana Yaponiya klubi o'ynagan: "Kavasaki Frontale" va ikkinchi finalda ham yapon klubi: "Machida Zelviya".
Ko'rinib turibdiki, Yaponiya klublari shovqin ko'tarmasdan jimgina odimlaydi. Ular Saudiya jamoalariga o'xshab shov-shuvli transfer qilmayapti, o'ziga xos ajoyib maktabi bor, o'z odatlariga sodiq qolgan holda turli musobaqalar finaliga yetib keladi. Legionerlari ham top darajadagi yulduzlar emas. Asosan mahalliy o'yinchilarga tayangan holda futbol o'ynash orqali titullarga ega chiqishga harakat qilishadi. Jimgina davom etayotgan Sharq Elit Ligasida bu mavsum ham birorta yapon klubi finalda o'ynasa ajab emas.
Xayrulla Xoliqov



