

Mehr axborot agentligining “Traktor” klubi matbuot xizmatiga tayanib xabar berishicha, mutaxassis shogirdlarining o'yini va kamchilikda qolganiga qaramay, kurashni davom ettirganidan mamnun ekanini takidlagan.
“Futbolchilarimga minnatdorlik bildiraman. Ular juda yaxshi o'ynashdi. Uchrashuvni yaxshi boshlay olmadik, biroq tez orada taktik sxemamizni o'zgartirib, o'yin nazoratini qo'lga oldik. Birinchi bo'lim biz uchun yaxshi yakunlandi.
Ikkinchi bo'limda yanada yaxshiroq o'ynashimizni bilardik va shunday bo'ldi ham. Jamoamiz yaxshi harakat qilayotgan bir paytda g'alati gol o'tkazib yubordik. Bu bizga qiyinchilik tug'dirdi. Keyin esa futbolchilarimizdan biri maydondan chetlatildi va o'yinni 10 kishi bo'lib davom ettirishga majbur bo'ldik.
Men ham, futbolchilarim ham bugun muvaffaqiyatga erishishimizga ishonardik. Qiyin vaziyatda, bir kishi kam bo'lib o'ynaganimizga qaramay, ikki marta hisobni tenglashtirdik. Futbolchilarim yaxshi harakat qilishdi. Jarohat olgan ikki futbolchimiz ham ushbu o'yingacha safga qaytdi va ularning ishtiroki jamoamizning holatini sezilarli darajada yaxshiladi”, – dedi Nekunam.
“Traktor” ustozi zaxiradan maydonga tushgan ikki futbolchining gol urgani va Shahriyor Mug'anluning almashtirilishi taktik qaror bo'lgani haqidagi savolga ham javob berdi.
“Ha, bu to'liq taktik qaror edi. Har bir futbolchining yaxshi va yomon kunlari bo'ladi. Shahriyor Mug'anlu jamoamiz uchun ko'p mehnat qilgan va doim bor kuchini sarflaydi. Biroq bizga taktik o'zgarish kerak edi. Shu sababli uni ertaroq almashtirishga qaror qildim va uch himoyachili sxemadan to'rt himoyachili tizimga o'tdik. Shundan keyin o'yin nazoratini qo'lga oldik”, – dedi mutaxassis.
Nekunam futbolchilarining irodasini alohida etirof etib, jamoasi uchinchi golni ham kiritishi mumkin bo'lganini ta'kidladi.
“Bu jasorat uchun futbolchilarimdan minnatdorman. Ular bor kuchlarini berib o'ynashdi. Hatto uchinchi golni ham urishimiz mumkin edi, ammo omadimiz kelmadi.
Raqibning ikkinchi golidan oldin bizda gol urish imkoniyati bor edi, biroq undan foydalana olmadik. Keyin esa raqib gol urdi. Albatta, o'sha zarba favqulodda darajada yaxshi ijro etilgandi.
10 kishi bo'lib ikki marta hisobni tenglashtirganimiz jamoamiz kurashishni bilishini ko'rsatadi. Eng muhimi, shu ruhni saqlab qolishimiz kerak. Bugun futbolchilarimiz jasorat ko'rsatdi. Ayniqsa, ikkinchi bo'limda asosiy futbolchilarimiz safda bo'lsa, har qanday jamoaga jiddiy raqobat ko'rsata olishimizni isbotladik”, – dedi murabbiy.
Shuningdek, Nekunam “Neftchi” bosh murabbiyining “Traktor” jarohatlangan futbolchi maydonda yotgan paytda gol urgani haqidagi etiroziga munosabat bildirdi.
“Biz qo'shib berilgan daqiqalarda gol urdik. Agar raqib futbolchisi jiddiy jarohat olganida, ularning etirozi o'rinli bo'lardi. Ammo futbolda mushak tortishishi yoki oyoqda og'riq paydo bo'lishi tabiiy holat.
Birinchi bo'limda ham futbolchimiz maydonda yotgan paytda raqib to'pni maydon tashqarisiga chiqarmadi. Bunday vaziyatlar futbolda uchrab turadi. Hech qanday g'ayrioddiy holat yuz bergani yo'q”, – dedi Nekunam.


