

Mutaxassis matbuot anjumanida jamoasining musobaqada ishtirok etishi uchun yaratilgan sharoitlardan norozi ekanini ta'kidladi.
“Har bir o'yin oldidan jiddiy qiyinchiliklarga duch kelyapmiz. Ertaga ham bizni murakkab uchrashuv kutmoqda. Bor e'tiborimizni shu bahsga qaratganmiz. Umid qilamanki, yuqori koncentraciya va sifatli o'yin orqali muvaffaqiyatga erishamiz.
Jamoamiz uchun yuzaga kelgan sharoitlar ideal emas. Bizga hech qanday yordam ko'rsatilmayapti. Shu sababli juda qiyin vaziyatni boshdan kechiryapmiz”, – dedi Nekunam.
Shuningdek, “Traktor” ustozi Osiyo Chempionlar ligasi Elit turnirining keyingi bosqichiga chiqish imkoniyatlari haqidagi savolga ham javob berdi.
“Osiyo futbolining bu darajasida oson o'yin yo'q, barcha jamoalar kuchli. Mamlakatimizda futbolchilar bilan bog'liq amaldagi qoidalar Eron klublarining imkoniyatlarini cheklamoqda. Raqiblarimiz esa ushbu musobaqada yuqori saviyali futbolchilar va bor e'tiborini o'yinga qaratgan holda ishtirok etmoqda.
Bizning asosiy maqsadimiz – imkoniyatlarimiz darajasidagi eng yaxshi o'yinni namoyish etish. Biroq bu mavsumda Elit OCHL biz uchun birinchi darajali musobaqa emas.
Albatta, yaxshi natijalar qayd etib, keyingi bosqichga chiqishga harakat qilamiz. Ammo bu yilgi moliyaviy holatimiz va futbolchilar bilan bog'liq vaziyatni inobatga olsak, asosiy e'tiborimizni Eron chempionatida muvaffaqiyat qozonishga qaratganmiz”, – dedi murabbiy.
Ma'lumot uchun, “Traktor” va “Neftchi” o'rtasidagi Osiyo Chempionlar ligasi Elit turniri 4-tur uchrashuvi 2 noyabr kuni Ummon poytaxti Maskatdagi “Sulton Qobus” sport majmuasida bo'lib o'tadi.



