JAR-2010. "Oqlarning" ertagi: Futbol qirollari yig'lagan muhitda mag'lubsiz qaytgan qahramonlar

Iskandarov Abdulaziz
26 may 2026, 15:28
2010 yil. JAR. Afrika zaminining qaynoq havosi, vuvuzelalarning tinimsiz guldurosi va dunyoning eng sara futbol yulduzlari... Buyuk janglar va kutilmagan fojialar uchun sahna tayyor edi.

Hamma Markaziy va Janubiy Amerikaning shiddatiga, Yevropaning taktik qudratiga mahliyo bo'lib turgan bir paytda, xaritaning chekka bir burchagidan, yashil maydondagi nomi chiqqan bahaybat kitlar yoniga kichkinagina "qayiq" suzib kirdi. Bu - Okeaniyaning yashil vodiylaridan kelgan, futbol olamida deyarli hech kim jiddiy olmaydigan Yangi Zelandiya terma jamoasi edi.

Ularning laqabi "All Whites" (oqlar) edi. Ammo ular JAR yashil maydonlariga ov bo'lish uchun emas, balki futbol tarixining eng go'zal va mag'rur sahifalaridan birini yozish uchun kelishgandi.

Professionallar va havaskorlar qorishmasi

Bu tarkib zamonaviy futbol uchun noyob edi. Bir tomonda Angliya Premer-ligasi yulduzi tursa, ikkinchi tomonda kunduzi bankda ishlab, kechqurun mashg'ulot qiladigan havaskor to'p tepardi.

Elita: Rayan Nelsen o'sha paytda APLning eng kuchli va intizomli markaziy himoyachilaridan biri edi. Uning maydondagi va kiyinish xonasidagi avtoriteti jamoani birlashtirgan eng katta omil bo'lgan.

Noyob holat (Klubsizlar): Saymon Elliott va Deyv Malligan musobaqaga hech qanday klubsiz, erkin agent sifatida tashrif buyurishgan. Ayniqsa, Elliott klubsiz bo'lishiga qaramay, uchchala o'yinda ham asosiy tarkibda maydonga tushdi va markazda katta hajmdagi ishni bajardi.

Havaskorlik romantikasi: Endi Barronning bank xodimi bo'la turib, Italiyaga qarshi bahsda maydonga tushgani turnirning eng go'zal insoniy hikoyalaridan biridir.

gettyimages-841436298-2048x2048.jpg



2. Inglis futbolining kuchli ta’siri


Yangi Zelandiya futboli tarixan Britaniya maktabiga tayanadi. 2010 yilgi tarkibda ham bu yaqqul sezilgan. Tarkibdagi 5 nafar futbolchi bevosita Angliya klublarida o'ynardi (Nelsen, Smit, Killen, Fallon, Vud).
Bu ularga jismoniy kurashlarda, ayniqsa havodagi to'plar uchun jangda Yevropa va Janubiy Amerika jamoalaridan qolishmaslik imkonini berdi.

Slovakiyaga qarshi o'yinning 93-daqiqasidagi va Italiya bilan bahsning 7-daqiqasidagi gollar aynan inglizcha uslubda - standart vaziyat va havodagi kurashdan so'ng urilgan.

3. Avlodlar almashinuvi va Kris Vudning poydevori


Murabbiy Riki Xerbert tarkibga tajriba va yoshlik shiddatini ideal darajada singdira olgan.

Jamoada Ivan Vicelich (34 yosh), Saymon Elliott (36 yosh) va Mark Paston (34 yosh) kabi faxriylar muvozanatni ushlab turgan bo'lsa, 22 yoshli Uinston Rid va 20 yoshli Tommi Smit himoyaga yangi qon olib kirdi.

Kelajak yulduzi: O'shanda bor-yo'g'i 18 yoshda bo'lgan va zaxiradan maydonga tushgan Kris Vudni bugungi kunda butun dunyo taniydi. U keyinchalik Angliya Premer-ligasida ("Byornli", "Nyukasl", "Nottingem Forest") yuzlab o'yinlar o'tkazib, Yangi Zelandiya futboli tarixidagi eng buyuk hujumchiga aylandi. Uning katta sahnaga chiqishi aynan JAR-2010 dan boshlangan.

4. "A-Liga" va "Uellington Feniks" bloki

Tarkibning qariyb yarmi (8 nafar futbolchi) Yangi Zelandiyaning yagona professional klubi bo'lmish "Uellington Feniks" (Avstraliya A-Ligasida qatnashadi) a'zolari edi.

Bu taktik jihatdan juda katta ustunlik bergan. Futbolchilar klubda ham, terma jamoada ham bir-birini ko'zini yumib tushunadigan darajada kirishib ketishgandi. Darvozabon Mark Paston va himoya chizig'ining o'zaro til topishishi shu sababli mukammal edi.

gettyimages-676642104-2048x2048.jpg



To'fondan oldingi sukunat: Ertakning ibtidosi

Jahon chempionati boshlanishidan avval mutaxassislarning tahlillarini o'qigan odam achinganidan kulib yuborardi. Nahotki, tarkibining yarmi havaskor bo'lgan, kunduzi boshqa ishda ishlab, kechqurun futbol o'ynaydigan yigitlar amaldagi jahon chempioni Italiya, tish-tirnog'i bilan qurollangan Paragvay va vajohatli Slovakiyaga qarshi tura olsa? Bu xuddi shamolga qarshi soyabon tutishdek gap edi.
Ammo bosh murabbiy Riki Xerbert va uning yigitlari dunyoning bu sovuq bashoratlarini eshitmaslikka qaror qilishdi. Ular Afrikaga shunchaki tomoshabin bo'lib emas, o'z millatining shanini himoya qilish uchun kelishgandi.

Uch qadam, uch jasorat va titragan imperiyalar

Ertak uch pardadan iborat bo'ldi. Har bir parda drama va irodaning oliy namunasi edi.

Birinchi parda: Umidning so'nggi soniyasi. Slovakiya bilan bahs. O'yin tugashiga bir necha soniya qolgan. Tabloda 0:1. Hamma Yangi Zelandiyaning taslim bo'lishini kutayotgan edi. Biroq hakam hushtagini og'ziga olib borgan bir paytda, yosh himoyachi Uinston Rid havoda parvoz qildi. Uning boshi bilan yo'llagan zarbasi darvoza to'riga borib tushganda, stadion larzaga keldi. Bu shunchaki gol emas, ularning tirik ekanligidan darak beruvchi nido edi!

Ikkinchi parda: Amaldagi chempionlar ojiz qoldi.

Davraga amaldagi jahon chempioni - Italiya kirib keldi. Buyuk va dahshatli "Skuadra Adzurra". Ammo o'yinning 7-daqiqasidayoq Sheyn Smelc ismli yigit Buffon darvozasini ishg'ol qilganda, butun dunyo karaxt ahvolga tushdi. Italiyaliklar penaltidan hisobni tenglashtirishgan bo'lsa-da, qolgan daqiqalarda okeaniyaliklar maydonda tosh devor bo'lib turib berishdi. Rim imperiyasining vorislari kamsuqum yigitlar qarshisida ojiz qoldi.

Uchinchi parda: Mag'rurlik simfoniyasi. Paragvayga qarshi bahsda jamoa oxirgi qon tomchisigacha kurashdi. Darvozabon Mark Paston xuddi darvozaga sehrli qulf osgandek edi. O'yin 0:0 hisobida tugadi. Yangi Zelandiya pley-offga chiqa olmadi, ammo ular maydonni yig'lab emas, boshlarini baland ko'tarib tark etishdi.

Slovakiya - Yangi Zelandiya 1:1
Gollar
: Robert Vittek (50) - Uinston Rid (90+3)

Slovakiya:
Yan Muxa, Marek Chex, Martin Shkrtel, Yan Dyurica, Radoslav Zabavnik, Zdeno Shtrba, Vladimir Vayss (Miroslav Stox, 91+3), Marek Gamshik, Stanislav Shestak (Filip Goloshko, 81), Robert Vittek (Yuray Kucka, 90+1), Erik Yendrishek.

Yangi Zelandiya: Mark Paston, Uinston Rid, Rayan Nelsen, Tommi Smit, Toni Lokxed, Ivan Vicelich (Djeremi Kristi, 78), Saymon Elliott, Leo Bertos, Sheyn Smelc, Kris Killen (Kris Vud, 72), Rori Fallon.

Italiya - Yangi Zelandiya 1:1
Gollar
: Vinchenco Yakvinta (29, penaltidan) - Sheyn Smelc (7)

Italiya:
Federiko Marketti, Djanluka Dzambrotta, Fabio Kannavaro, Djordjo Kellini, Domeniko Krishito, Daniele De Rossi, Rikkardo Montolivo, Klaudio Markizio (Djampaolo Paccini, 61), Simone Pepe (Mauro Kamoranezi, 46), Vinchenco Yakvinta, Alberto Djilardino (Antonio Di Natale, 46).

Yangi Zelandiya:
Mark Paston, Uinston Rid, Rayan Nelsen, Tommi Smit, Toni Lokxed, Ivan Vicelich (Djeremi Kristi, 81), Saymon Elliott, Leo Bertos, Sheyn Smelc, Kris Killen (Kris Vud, 63), Rori Fallon (Endi Barron, 90+3).

Paragvay - Yangi Zelandiya 0:0


Paragvay
: Yusto Vilyar, Denis Kanisa, Xulio Kaseres, Paulo da Silva, Klaudio Rodriges, Viktor Kaseres, Kristian Riveros, Enrike Vera | Nelson Valdes (Edgar Benites, 67), Oskar Kardoso (Lukas Barrios, 66), Roke Santa Krus (Aureliano... Torres, 81).

Yangi Zelandiya
: Mark Paston, Uinston Rid, Rayan Nelsen, Tommi Smit, Toni Lokxed, Ivan Vicelich, Saymon Elliott, Leo Bertos, Sheyn Smelc, Kris Killen (Kris Vud, 69), Rori Fallon (Djeremi Brokki, 79).

gettyimages-676621980-2048x2048.jpg

Riki Xerbert (Yangi Zelandiya terma jamoasi bosh murabbiyi):

"Agar musobaqadan oldin kimdir menga: 'Sizlar Jahon chempionatida Italiya va Paragvay bilan durang o'ynab, turnirni mag'lubiyatsiz yakunlaysizlar', deb aytganida, men uni jinniga chiqargan bo'lardim. Bu shunchaki aql bovar qilmas natija! Biz guruhdan chiqa olmagandirmiz, ammo Jahon chempionatida biror marta yutqazmagan yagona jamoa bo'ldik. Butun dunyo bizni kuchsiz deb o'ylagandi, ammo yigitlarim Yangi Zelandiya futboli nimalarga qodirligini isbotlashdi. Men ular bilan faxrlanaman."


Rayan Nelsen (Jamoa sardori):

"O'yindan keyin kiyinish xonasida o'tirganimizda, hamma jim edi. Bir tomondan guruhdan chiqa olmaganimizdan afsusda edik, ikkinchi tomondan esa butun dunyoni hayratda qoldirganimizni his qilib turardik. Men Italiya terma jamoasi yulduzlarining ko'zidagi qo'rquv va chorasizlikni ko'rdim. Biz kabi kamsuqum jamoa ularni uyiga ravona qildi. Bu tuyg'uni hech narsa bilan tenglashtirib bo'lmaydi."


Uinston Rid (Slovakiyaga gol urgan himoyachi):

"Slovakiya bilan o'yinning 93-daqiqasida gol urganimda, boshimdan nimalar o'tganini eslay olmayman. Bu mening hayotimni butunlay o'zgartirib yubordi. Biz Jahon chempionatiga shunchaki raqam to'ldirish uchun kelmaganimizni o'sha ilk soniyalardayoq ko'rsatib qo'ygandik."



Marchello Lippi (O'sha paytdagi Italiya terma jamoasi bosh murabbiyi):

"Bu biz uchun sharmandalik, ammo raqibni hurmat qilishimiz shart. Yangi Zelandiya bizga qarshi xuddi hayotining so'nggi jangidek to'p surdi. Ular jismoniy jihatdan juda kuchli ekan, har bir to'p uchun vajohat bilan kurashishdi. Biz ularning mudofaa qo'rg'onini yorib o'ta olmadik. Ular bu durangga va butun turnirdagi etirofga to'la loyiq edilar."


Daniele De Rossi (Italiya terma jamoasi yarim himoyachisi):

"Biz ularni osonlikcha yutamiz deb o'ylagandik, bu bizning eng katta xatomiz bo'ldi. Maydonga tushganimizda esa, qarshimizda futbolchilar emas, balki bir-biri uchun maydonda jon berishga tayyor bo'lgan bir butun armiya turganini his qildik. Ular bizga futbolda nomlar hech narsani hal qilmasligini ko'rsatib qo'yishdi."

gettyimages-450692745-2048x2048.jpg


Tojsiz qirollar: Mag'lubiyat nimaligini bilmay qaytganlar

2010 yilgi mundial yakunida qiziq bir manzara yuzaga keldi. Dunyo tojini kiygan Ispaniya ham (Shveytsariyaga 0:1), kumush medallarni olgan Niderlandiya ham turnir davomida mag'lub bo'lishgandi. Milliardlik tarkibga ega bo'lgan buyuk terma jamoalarning barchasi qaysidir pallada tiz cho'kishgandi.

Faqatgina bitta jamoa, xaritaning eng chekkasidan kelgan o'sha "oqlar" musobaqani biror marta ham mag'lub bo'lmay yakunlashdi. Ular 3 ta durang, 3 ochko bilan guruhda qolib ketishdi, ammo amaldagi chempion Italiyani o'zlaridan pastga uloqtirib yuborishdi.
Yangi Zelandiyaning bu yurishi futbol tarixiga eng go'zal sher kabi yozildi. Ular pul, mashhurlik va dahshatli nomlar futbolda hamma narsani hal qilmasligini isbotlashdi. Bazan temirdek intizom, bir-biriga bo'lgan ishonch va vatan ishqi eng engilmas armiyalarni ham to'xtatib qolishga qodir bo'ladi. Ular JARni tark etishganda, butun dunyo ularni olqishlar bilan kuzatib qo'ydi - chunki ular turnirning tojsiz, ammo haqiqiy mag'lubsiz qirollari edi.

O'xshash yangiliklar


Iskandarov AbdulazizMuallif