

– Bugungi o'yin haqida nima deyish mumkin? Bugun bir-biridan keskin farq qiluvchi ikki xil taym guvohi bo'ldik. Birinchi bo'limdagi rejamiz, yani qarshi hujumlar orqali oldinga o'tish maqsadimiz, afsuski, bazi vaziyatlarda o'xshamadi, bizga so'nggi uzatma yetishmadi. Umuman olganda esa, yigitlarning o'yinidan qoniqdim, ular maydonda o'zlarini to'liq bag'ishlab harakat qilishdi. Ularga katta minnatdorchilik bildirmoqchiman, ko'zlarida o't chaqnab turgani, g'alaba qozonishni chin dildan istaganlari bilinib turdi. Biroq, ming afsuski, yagona gol uchrashuv taqdirini hal qildi. Nima bo'lgan taqdirda ham, ularga rahmat aytaman. Bugun o'z muxlislarimiz oldida yuzimizni yorug' qila olmaganimizdan afsusdamiz. Xudo xohlasa, keyingi o'yinga yaxshiroq tayyorgarlik ko'ramiz va ijobiy natija qayd etamiz.
– Qarang, birinchi bo'limda darvozabonimiz to'pni o'z maydonchamizga tashlab berayotgan edi, ularning darvozaboni esa himoya chizig'ini chetlab o'tib, to'pni to'g'ridan-to'g'ri hujum zonasiga etkazib berdi. Ikkinchi bo'limda biznikilar ham shunday harakat qila boshladi va o'yin keskinlashdi. Muammo nimada edi, nega boshidan shunday o'ynash mumkin emasdi?
– Siz aytayotgan holat bo'yicha shuni aytishim mumkinki... Biz himoya chizig'idan hujum zonasiga paslar orqali chiqishga harakat qildik. Lekin, afsuski, bazi vaziyatlarda bu amalga oshmadi va biz to'pni yo'qotdik. Birinchi taymda yakkakurashlarda yutqazdik va qaytgan to'plarni egallashga ulgurmadik. Raqib juda yuqori pressing qilgani sababli, ularning uzatmalari o'tib ketaverdi. Aslida esa, men darvozabonga uzun uzatmalarni amalga oshirmaslikni, aksincha, o'yinni qisqa va o'rta paslar orqali boshlashni tayinlagan edim. Chunki raqib safida Mamatkazin kabi bo'ydor futbochi borligini bilardim va biz yuqori qavatdagi deyarli barcha kurashlarni boy berdik. Raqib “ikkinchi qavat”da to'liq ustunlik qildi, biz esa qaytgan to'plarni olishga ulgurmadik. Ikkinchi taymda paslar orqali to'pni nazorat qila boshladik, qanot uzatmalari orqali hujumga o'tdik. Men yigitlarga uzun uzatmalarni imkon qadar kamaytirib, himoyadan hujumga qisqa va o'rta paslar orqali o'tishni uqtirishga harakat qildim.
– Siz jamoa o'yinidan qoniqqaningizni va yigitlarga rahmat aytayotganingizni ta'kidladingiz. Nima uchun rahmat? Mag'lub bo'lishgani uchunmi? Bu biroz tushunarsiz.
– Unda men nima deyishim kerak?
– Yani bunga biroz tanqidiy yondashish kerak, demoqchiman.
– Buning nima keragi bor? Tanqidni o'zim hal qilaman. Bizda nazariy mashg'ulotlar bor, u yerda xato-kamchiliklarni ularga tushuntiraman. Nima bo'lganda ham, yigitlar o'ynayapti va qo'llaridan kelganicha harakat qilishyapti. Siz doim vaziyatga salbiy tomondan qaraysiz... Siz shunchaki futbolni noto'g'ri tahlil qilyapsiz. Bizning fikrimiz boshqacha. Yana bir bor qaytaraman: siz futbolni noto'g'ri ko'ryapsiz. O'tgan safar ham noo'rin savollar bergan edingiz. Yigitlar harakat qilishdi, borini berishdi. “Navbaxor” jamoasi turnir jadvalida uchinchi o'rinda bormoqda, ularning saviyasi yuqoriroq ekanligi ko'rinib turibdi. Hozir men o'z futbolchilarimni nima qilishim kerak? Men uchun shogirdlarim – har doim eng yaxshilari. Mag'lubiyatga uchragan bo'lsak ham, doim shunday deb hisoblaganman va shunday bo'lib qoladi. Nima bo'lgan taqdirda ham, jamoa yutqazmadi, murabbiy sifatida men yutqazdim. Shu sababli men hech qachon futbolchilarni ayblamayman. Vaqti-soati keladi, ular bilan gaplashib, xatolarini ko'rsatib o'taman. Ammo hozir bu narsalarni ommaga olib chiqib muhokama qilishning nima keragi bor?
– Jigaurining yo'qligi qanchalik bilindi?
– Albatta, bu yaqqol sezildi. Jigaurining bugun maydonga tushmagani o'yinga o'z ta’sirini o'tkazdi. Uning o'rni chindan ham bilindi, chunki u yetakchilik xususiyatiga ega, shunchaki jamoa sardori emas. Ushbu diskvalifikaciya va yana bir qator jarohat olgan futbolchilarimizning borligi – afsuski, ular bu o'yinda bizga yordam bera olishmadi – jamoamiz uchun eng katta yo'qotishlardan biri bo'ldi.
– Darvozabon haqida savol bermoqchi edim. Mavsum boshidan beri seyvlar statistikasi bo'yicha u ishonchli harakat qilib kelayotgan edi, lekin bugun yaqin burchakdan gol o'tkazib yubordi. Darvozabon haqida nima deya olasiz, u o'zini oqladimi?
– Hamma xato qiladi, barchada xato bo'ladi. To'g'ri, shunday gol o'tkazib yuborildi va uning xatosini ham inkor etib bo'lmaydi. Uning o'zi ham buni tushunib turibdi. Vaziyat ko'rinmadi, chunki futbolchilar juda zich joylashishgandi, raqib o'yinchilar orasidan zarba yo'lladi va to'p darvozabonga ko'rinmay qoldi. Buning ustiga, to'p darvoza ustuniga tegib o'tdi. Bu vaziyatda shunchaki o'xshamadi, deyish mumkin. Bo'lib turadi, darvozabonlar ham xato qiladi. Futbol shunisi bilan ham qiziqki, kim ko'proq xato qilsa, o'sha mag'lub bo'ladi. Bu yerda hech qanday muammo yo'q. O'tgan o'yinlardagi ishonchli harakatlari va ajoyib seyvlari uchun unga rahmat. Ammo futbolda mana shunday holatlar ham uchrab turadi.
– Keyingi o'yinlardan kutayotgan umidlaringiz haqida so'ramoqchi edim. Bugun maydonda Ro'ziev, Jigauri yo'q edi va natijada hujumda keskinlik yetishmadi. Keyingi OKMK va undan keyingi “Paxtakor”ga qarshi o'yinlardan qanday natijalar kutyapsiz?
– Yana bir bor takidlayman: biz har doim maydonga g'alaba uchun tushamiz. Har qanday murabbiy yoki futbolchi doim g'alaba qozonishni istaydi, bu tabiiy holat. Lekin saviya degan tushuncha bor. “Navbaxor” ham bejizga uchinchi o'rinda borayotgani yo'q, ularning tarkibida o'yin taqdirini hal qila oladigan yuqori saviyali futbolchilar jamlangan. To'g'ri, bizda Ro'ziev va Rahmatullaev jarohat olgan, Jigauri qizil kartochka sababli maydonga tusha olmadi. Mana, bugun qancha asosiy futbolchilarimiz yo'q edi. O'zingiz yaxshi bilasiz, Rahmatullaev ham, Ro'ziev va Jigauri ham asosiy tarkib o'yinchilari sanaladi. Ularning yo'qligi o'yinga o'z ta’sirini o'tkazdi. Lekin biz boshqalarga ham imkoniyat berdik. To'g'ri, biz bugun u qadar tomoshabop futbol namoyish eta olmadik. Ko'proq himoyadan o'ynab, qarshi hujumlarga tayandik va bu qisman o'xshadi ham. Keyingi o'yinlarga ham xuddi shunday umid bilan tayyorgarlik ko'ramiz, chunki kurash hali tugagani yo'q. OKMK, “Paxtakor” va “Bunyodkor”ga qarshi o'yinlarga maksimal darajada tayyorlanamiz. Oldinda uchta o'yin qoldi. O'zingiz ko'rib turibsiz, barcha jamoalar oxirigacha kurashyapti. Hatto hech qanday imkoniyati qolmagan “Mashal” ham durang o'ynab, oxirigacha jang qilmoqda. Shuning uchun aytamanki: bu – futbol. Bu yerda saviya o'z so'zini aytadi, qayerdadir xatolarga yo'l qo'yiladi. Raqibga zarba berish uchun bo'sh hudud qoldirdik va gol o'tkazib yubordik. Lekin ularda boshqa bunday yaqqol xavfli vaziyatlar bo'lmadi. To'g'ri, ular to'pni eni va bo'yiga nazorat qilishdi, darvozaga bir-ikki marta zarba yo'llashdi (bir marta to'p to'singa tegdi), ammo to'liq ustunlik qilishmadi. Nima bo'lgan taqdirda ham, doim aytganman va yana qaytaraman: maydonda mo'jizani futbolchilar yaratadi. Biz maydon tashqarisida o'tirib tomosha qilamiz, chetdan turib muhokama qilish har doim oson: “bunisi u yoqqa yugurdi, unisi bu yoqqa”. Ammo o'zingiz maydonga tushib 10 daqiqa yugurib ko'rsangiz, buni darhol his qilasiz. Shuning uchun yigitlar qo'llaridan kelgan barcha ishni, maksimum harakatni amalga oshirishdi va men ularni to'g'ri tushunaman. Hozir kelib ularni aybdor qilish esa noo'rin. Yana qaytaraman: jamoa yutqazdimi, demak, murabbiy sifatida men nimanidir noto'g'ri qilganman. Balki tayyorgarlik jarayonida xato qilgandirman, balki tarkib tanlashda adashgandirman – bu yerda omillar juda ko'p. Agar men hamma narsani oldindan bilganimda, ehtimol, bu yerda ishlamagan bo'lardim. Barchasini oldindan ko'ra bilish imkonsiz, chunki futbol – bu 90 daqiqa ichida maydonda sodir bo'ladigan millionlab harakatlar majmuidir. Har bir harakatni oldindan seza bilish esa futbolchining saviyasiga bog'liq. Men futbolchilarga ularning fidoyiligi uchun minnatdorchilik bildiraman. Xudo xohlasa, keyingi o'yinga ham xuddi shunday mas'uliyat bilan tayyorgarlik ko'ramiz.
– Jigauri nechta o'yinga diskvalifikaciya qilindi?
– Ikkita o'yinga.
– Demak, OKMK bilan bo'ladigan o'yinda u qatnashmaydi?
– Ha, OKMK bilan o'yinda u maydonga tushmaydi, lekin “Paxtakor” va “Bunyodkor”ga qarshi uchrashuvlarda ishtirok eta oladi.





