Italiya U17 ustozi Daniele Francheskini: "O'zbekistonning jamoaviy o'yini va mentaliteti kuchli. Hisob-kitob qilmasdan, g'alaba uchun o'ynaymiz"

Aslanov Jasurbek
23 noya 2026, 23:56
U-17 Jahon chempionati guruh bosqichi 3-turidan o'rin olgan O'zbekiston hamda Italiya o'smirlar terma jamoalari o'rtasidagi uchrashuv oldidan "moviy gvardiyachilar" bosh murabbiyi Daniele Francheskini va jamoa vakili jurnalistlar savollariga javob berishdi.

Dastlab italiyalik futbolchi bo'lajak bahs haqida o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi:

- Navbatdagi o'yin O'zbekistonga qarshi. O'zbekistonda ko'pchilik hozir "Italiyani yutishimiz kerak, chunki o'tgan yili Italiya O'zbekistonni mag'lub etgan" deyapti. Bu haqda nima deb o'ylaysiz va o'yin qanday o'tadi?
- Albatta, bu ham boshqa bellashuvlar kabi juda qiyin o'tadi, chunki umuman olganda oson o'yinlar bo'lmaydi. Biz har doimgidek bor kuchimizni beramiz - hafta davomida ishlaymiz, bugun kechqurun tiklanamiz, ertaga mashg'ulot o'tkazamiz, keyin nima qilish va qanday harakatlanishni ko'rib chiqamiz. Lekin, albatta, o'yinga tayyor bo'lamiz va maydonda borimizni beramiz.

- O'zbekistonning biror o'yinini ko'rdingizmi, ular qanday o'ynashmoqda? Biror nimani tahlil qildingizmi yoki hali yo'qmi?
- Hali hech narsa ko'rmadik, hozir tiklanish haqida o'ylayapmiz. Har bir o'yinga alohida yondashamiz, shuning uchun hozircha raqib o'yinlarini ko'rib chiqmadik. Yaxshi o'yin bo'lishiga umid qilamiz, baribir bor kuchimizni ishga solamiz va jamoamiz musobaqada uzoqqa borishiga ishonchim komil.

Shundan so'ng Italiya U17 terma jamoasi bosh murabbiyi Daniele Francheskini bo'lajak raqib va guruhdagi vaziyat haqida gapirdi:

- Navbatdagi raqib - O'zbekiston. Ularning o'yinini ko'rdingizmi, jamoa haqida fikringiz qanday?
- Albatta, ha, biz ularni kuzatdik - juda yaxshi jamoa. Guruhimizga bugungi Kot-d’Ivuar kabi ikkita kuchli raqib tushdi. Endi kuchimizni tiklaymiz, ertadan boshlab esa futbol o'ynashni biladigan, juda kuchli individual o'yinchilarga ham, yaxshi jamoaviy ruhga ham ega bo'lgan O'zbekiston haqida o'ylaymiz.

- O'zbekiston tarkibidan Italiya uchun muammo tug'dirishi mumkin bo'lgan aniq bir futbolchini ajratib ko'rsata olasizmi?
- O'zbekistonning jamoaviy o'yini juda zo'r. Takrorlayman, ularda yuqori saviyadagi ayrim o'yinchilar bor, lekin bundan tashqari, har bir jamoada o'yin taqdirini hal qila oladigan istedodli futbolchilar topiladi. Men yigitlarga avvalo o'zimiz, o'z o'yin uslubimiz, o'zligimiz va mentalitetimiz haqida o'ylashimiz kerakligini aytaman. Eng muhimi - mana shu.

- O'tkazilgan ikkala o'yinda ham g'alaba qozondingiz. Italiya uchun navbatdagi bahs unchalik ham hal qiluvchi ahamiyatga ega emasdek. Sizlar birmuncha xotirjammisiz yoki baribir g'alabaga chanqoqmisiz?
- Yo'q, biz eng yuqori natija uchun o'ynaymiz va doim shunday bo'lgan - bizni hamisha ajratib turadigan mentalitet shu. Bundan tashqari, guruhda hali hamma narsa ochiq, chunki barcha jamoalarning taqdiri so'nggi o'yinga bog'liq. Shuning uchun biz hech qanday hisob-kitob qilmaymiz, hech qachon qilmaganmiz ham va navbatdagi o'yinda ham bor kuchimizni berishni o'ylaymiz.

O'xshash yangiliklar

Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia