Italiya Kubogi. "Inter"dan superkambek! "Neradzurri" 0:2 hisobini 3:2 ga aylantirib, finalga yo'l oldi

Aslanov Jasurbek
22 apr 2026, 02:10
Italiya Kubogining 2025/2026 yilgi mavsumi ilk finalchisi ma'lum bo'ldi. Yarim finalning javob uchrashuvida Milanning "Inter" klubi o'z maydonida "Komo"ni qabul qildi.

O'yin davomida ikki to'p farqi bilan ortda qolayotgan Kristian Kivu shogirdlari iroda namoyish etib, 3:2 hisobida g'alaba qozonishdi.

Uchrashuv mehmonlar uchun juda ko'ngilli boshlandi. 32-daqiqada xorvatiyalik Martin Baturina "Komo"ni hisobda oldinga olib chiqqan bo'lsa, ikkinchi bo'lim boshida, 48-daqiqada Lukash Da Kunya milanliklar darvozasini ikkinchi bor ishg'ol qildi.

Biroq "Inter" taslim bo'lishni istamadi. 69-daqiqada Xakan Chalxanoglu hisobni qisqartirdi. O'yin yakunlanishi arafasida esa haqiqiy "shou" boshlandi: 86-daqiqada Chalxanoglu dublni rasmiylashtirib, muvozanatni tiklagan bo'lsa, 89-daqiqada Petar Suchich "neradzurri"ga g'alaba keltiruvchi golni urdi.

“Inter” - “Komo” 3:2

Gollar: Chalxanoglu 69, 86, Suchich 89 - Baturina 32, Da Kunya 48.


Jamoalar o'rtasidagi ilk bahsda (3 mart) hisob ochilmagan edi (0:0). Shu tariqa, ikki o'yin natijasiga ko'ra "Inter" final yo'llanmasini qo'lga kiritdi. Ikkinchi finalchi esa bugun, 22 aprel chorshanba kuni aniqlanadi. Unda "Atalanta" va "Lacio" jamoalari o'zaro to'qnash kelishadi (ilk o'yin - 2:2).


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia