

Islom Ismoilov: Uchrashuvga etarlicha tayyorgarlik ko'rish uchun bizda vaqt bo'ldi. Jamoa bo'lajak uchrashuvga har tomonlama tayyor. Albatta, ertangi raqibimiz Osiyoning kuchli jamoalaridan biri hisoblanadi. Eron klublari doimo ijobiy taassurot qoldirib kelgan. O'ylaymanki, ertaga bizni juda qiziqarli uchrashuv kutmoqda.
- Ertangi bahsda Kofi Kuao hamda Ikrom Aliboevning yo'qligi qanchalik bilinadi? Jamoada ularning o'rnini to'ldirishga qodir munosib o'rinbosarlar bormi?
Islom Ismoilov: Albatta, jamoada har bir futbolchining o'z o'rni bor. Ertaga nafaqat Ikrom Aliboev va Kofi Kuao, balki yana ikki-uch nafar futbolchimiz ham maydonga tusha olmaydi. Ular jamoamiz uchun muhim futbolchilar hisoblanadi. Biroq bizda teng kuchli va muvozanatli tarkib shakllangan, barcha futbolchilar o'zlariga bildirilgan ishonchni oqlay oladilar. O'ylaymanki, ertaga maydonda harakat qiladigan futbolchilar safda bo'lmagan jamoadoshlarining yo'qligini sezdirishmaydi. Xudo xohlasa, bu omil o'yinimizga salbiy ta’sir ko'rsatmaydi.
- Takidlanganidek, raqib ancha kuchli, xalqaro maydonlarda katta tajribaga ega va futbolchilarining mahorati ham yuqori. Umuman olganda, ertangi uchrashuvda “Neftchi”ning asosiy ustunligi nimada bo'ladi?
- O'yinning borishidan kelib chiqib, barcha jabhalarda ustunlik qilishga harakat qilamiz. Biroq bu futbol - oldindan aynan qaysi jihatlarda ustunlik qila olishimizni qatiy aytib bo'lmaydi. Shunga qaramay, ertangi o'yinda muvaffaqiyatli qatnashib, ijobiy natija qayd etish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz. O'zingiz qayd etganingizdek, raqib yuqori saviyadagi jamoa bo'lib, uning tarkibida Eron milliy terma jamoasining bir nechta a'zolari to'p suradi. Shu bois bizni oson uchrashuv kutmayapti. Umuman, ushbu Elit ligada birorta ham o'yin oson kechmayotganini kuzatyapmiz. Barcha raqiblar munosib qarshilik ko'rsatmoqda. Shu sababli hozircha qaysidir aniq ustunlikni ajratib ko'rsata olmayman.
- “Neftchi” mazkur uchrashuvni mehmonda, aniqrog'i neytral maydonda o'tkazadi. Farg'onadan 200 ga yaqin muxlis tashrif buyurdi. Shuningdek, Dubay va Ummondagi vatandoshlarimiz ham kelishayotgani ma'lum bo'ldi. Jamoa ertaga o'zini xuddi o'z maydonida o'ynayotgandek his qila oladimi?
- Albatta, bu juda quvonarli holat. Muxlislarimiz qanchalik ko'p bo'lsa, bu bizning yutug'imizdir. Jamoani qo'llab-quvvatlash uchun muxlislarga barcha sharoitlarni yaratib berayotgani uchun rahbariyatga minnatdorlik bildiraman. O'zimizni uydagidek his qilishga harakat qilamiz, ammo hech qaysi stadion “Istiqlol”ga yetmaydi. “Istiqlol” biz uchun doimo qadrli. Shunday bo'lsa-da, ertaga imkon qadar o'zimizni o'z maydonimizdagidek tutishga harakat qilamiz.
- “Neftchi”ning o'yinlar taqvimi ancha tig'iz. Yetakchi futbolchilarning jarohat olishiga ketma-ket bahslarda to'liq ishtirok etishi qanchalik ta’sir ko'rsatdi? Masalan, ijtimoiy tarmoqlarda Kofi Kuaoning har bir o'yinda to'liq maydonda bo'lgani uning jarohat olishiga sabab bo'ldi, degan fikrlar bildirilmoqda.
- Bu tabiiy holat va, albatta, o'z ta’sirini o'tkazadi. Sababi, jamoa so'nggi paytlarda turli musobaqalarda ishtirok etmoqda, turli davlatlarga safar qilyapmiz, har xil iqlim va sharoitlarda o'yinlar o'tkazyapmiz. Bazida g'alaba qozonyapmiz, bazida mag'lub bo'lyapmiz. Bu yerda nafaqat jismoniy, balki ruhiy toliqish ham bor. Ayniqsa, hozir mavsum oxiri bo'lgani uchun bu omillar futbolchilarning holatiga o'z ta’sirini o'tkazmay qolmaydi. Shularni inobatga olgan holda, har bir uchrashuvda zarur rotaciyalarni amalga oshirishga harakat qilyapmiz. Mavsum hali yakunlangani yo'q, eng muhim pallaga kirmoqdamiz. Bu yerda ham natijaga erishish, ham futbolchilarni jiddiy jarohatlardan asrash muhim vazifa hisoblanadi. Bu murabbiy uchun murakkab jarayon, ammo unga echim topish uchun tinmay harakat qilyapmiz. O'ylaymanki, rejalarimiz mavsum so'ngida bu holatdan muvaffaqiyatli chiqib ketishimizga yordam beradi.



