Islom Ahmedov: “Muxlislarimiz bunday natijalarga loyiq emas”

Aslanov Jasurbek
20 sen 2026, 20:27
Superliganing 22-turidan o'rin olgan "Andijon" - "Nasaf" (1:4) uchrashuvidan so'ng mezbonlar bosh murabbiyi Islom Ahmedov matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga javob berdi.

- Islom aka, o'yin haqida dastlabki fikrlaringiz... 
- Avvalambor assalomu alaykum. Bugun juda ham alamli mag'lubiyat bo'ldi, buning uchun muxlislarimizdan uzr so'rayman. O'yinga keladigan bo'lsak, "Nasaf" jamoasi yaxshi shakllangan va tezkor qarshi hujumlardan foydalanishini bilardik. Shunga yarasha tayyorgarlik ko'rgandik, yani o'z sxemamizni ozgina o'zgartirgandik. Birinchi taymning boshida bu ish berdi. Ko'proq o'z o'yinimizdan kechgan holda, natija uchun o'ynashga harakat qildik. Lekin ikkinchi taymda gollar o'tkazib yuborganimizdan keyin yana o'z sxemamizga o'tishga qaror qildik. Yakunda shu qarshi hujumlardan ko'proq gol o'tkazib yubordik.

- Bugungi uchrashuvda jamoa 5 ta himoyachi bilan o'yinni boshladi. O'z maydoningizda 5 ta himoyachi bilan o'yinni boshlashga nima sabab bo'ldi?

 - Asosan oldingi o'yinlarimizga ham e'tibor bergan bo'lsangiz, bu yerda himoyaviy emas, yani himoyada 5 ta bo'ladi, lekin hujumga o'tganda o'z-o'zidan almashib ketadigan sxema edi. Yani o'rta chiziqda 4 ta o'yinchi ko'payardi, oldi chiziqda 3-2-5 sxemasiga o'tardik. Shunaqa transformaciya bo'ladigan sistema edi. Asosan qarshi hujumni qo'yib yubormaslik uchun qilingan narsa edi. Lekin aytganimdek, bugungi kungacha har bitta murabbiylik sohasida o'tkazayotgan kunim men uchun ulkan tajriba bo'lyapti. Lekin bir narsa - bu er tajriba to'playdigan joy emasligini bilamiz, bu erga tajribali murabbiylar kerak. Shuning uchun Andijon xalqimiz va muhlislarimiz bunday natijalarga loyiq emas. Raxbariyatimiz qanaqa qaror qabul qilishidan qati nazar, buni qabul qilamiz. Aytganimizdek, har bitta kunimiz biz uchun tajriba bo'lyapti.

- Oxirgi o'yinlarda jamoada ko'plab rotaciyalar bo'lyapti, barqaror tarkib yo'q. Bunday holatga nima sabab bo'lyapti? 
- Jamoani boshidan qabul qilib olganimizdan keyin, aytganingizdek, sog'lom muhit va sog'lom raqobatni yo'lga qo'ygandik. Boshida bu yaxshi ketayotgan edi, yaxshi ish berayotgandi. Shuning uchun shu narsada ishlab kelayotgandik. Sxemamizga, o'yinga va raqibga qarab turib har bitta o'yinimizda shunaqa o'zgartirishlar qilayotgandik. Bu o'z foydasini berayotgan edi, bazida shunaqa ziyoniga ishlashini ham o'rgandik.

- Jamoada moliyaviy qiyinchiliklar yo'q, maoshlar o'z vaqtida berilyapti. Lekin natija yo'q. Bu nima bilan bog'liq, jamoaga nima yetishmayapti?
- Yo'q, bu asosan moliyaviy narsa bilan bog'liq emas. Keyin futbolchilarimiz o'ynamayapti deyolmaymiz, chunki baribir o'zini darajasida borini berib harakat qilishyapti, o'ynashyapti. Futbolchilarga hech qanaqa etiroz yo'q. Kamchiliklarni o'zimiz ko'rib chiqamiz. Balkim qayerdadir murabbiylar - biz adashayotgandirmiz ularni o'ynatish va tayyorlashda.

- Hozir FIFA kunlari boshlanmoqda, tanaffusdan qanday foydalanish rejalashtirilgan? 
- Hozir 3-4 kunga dam beramiz yigitlarimizga - ozgina oilasi bilan bo'lib, futboldan chalg'ishlari uchun. 25-sanada o'z qarorgohimizda to'planib, tayyorgarlikni davom ettiramiz. Xorij safari yo'q, barchasi shu yerda bo'ladi.

O'xshash yangiliklar


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia