Iroq. Temirov dublga erishgan o'yinda "Erbil" durang natija qayd etdi

Оқил Абдубарноев
6 may 2026, 22:17
Iroq Yulduzlar ligasining 33–turi doirasida "Erbil" klubi o'z maydonida "Al–Kahraba" jamoasini qabul qildi. Ushbu qiziqarli va keskin kurashlarga boy bo'lgan uchrashuv 2:2 hisobidagi jangovar durang bilan yakunlandi.

Mazkur bahsda "Erbil" sharafini himoya qilayotgan o'zbekistonlik hujumchi Sherzod Temirov o'yinni asosiy tarkibda boshladi va jamoasini mag'lubiyatdan qutqarib qolgan asosiy qahramonga aylandi. Uchrashuv davomida mehmonlar safida Kraxire Yannik Zakri (45+8–daqiqa) va Nihad Muhammad Ovaid (65–daqiqa) tomonidan kiritilgan gollar evaziga "Al–Kahraba" 2:0 hisobida oldinga chiqib olgan edi. Biroq o'yinning 72–daqiqasida Temirov hisobni qisqartirishga erishdi. Asosiy vaqtga qo'shib berilgan 90+10–daqiqada esa hamyurtimiz penaltidan unumli foydalanib, dubl qayd etdi va jamoasiga muhim bir ochkoni taqdim etdi. Shuningdek, "Erbil" tarkibidagi yana bir o'zbekistonlik legioner himoyachi Marlen Chobanov mazkur bahsni zaxira o'rindig'ida boshladi.

E'tiborli jihati shundaki, mazkur uchrashuvdagi dubldan so'ng Sherzod Temirov Iroq Yulduzlar ligasi to'purarlari ro'yxatidagi peshqadamligini yanada mustahkamlab oldi. Hamyurtimiz hisobidagi gollar soni 26 taga etdi. U o'zining eng yaqin taqibchisi bo'lgan Alaa Al Dalidan (18 ta gol) naq 8 ta to'pga o'zib ketgan holda, to'purarlar poygasida mutlaq yetakchilik qilmoqda.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: