Ilhom Mo'minjonov: "G'azalkent" bilan o'yinda biz murabbiylar maydonga tushganimizda ham uchta gol qo'yib yubormasdik"

Administrator
6 avg 2026, 00:45
Proliga 13-turidan o'rin olgan "Aral" – "Metallurg" (1:0) uchrashuvidan keyin "Metallurg" bosh murabbiyi Ilhom Mo'minjonov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?
- Uchrashuv kurashlarga boy kechdi. Har ikki jamoa o'zining eng yaxshi o'yinini ko'rsatishga harakat qildi. Birgina xatoyimiz penaltiga olib keldi. "Aral"ni yaxshi o'rgangandik, kuchli va kuchsiz tomonlarini tahlil qilgandik. Jamoa biz kutgan o'yinni namoyish etdi, biz ham shunga mos qarshilik ko'rsatishga harakat qildik. O'yin bitta golgacha bo'ldi. Vaziyatlarimiz deyarli bo'lmadi, bo'lsa ham yarimta vaziyat bo'ldi. "Aral" jamoasini g'alaba bilan tabriklayman.

- Bugungi o'yin bilan birinchi davra tugadi. "Metallurg" Superligani maqsad qilgan, lekin birinchi davradan keyin hatto uchtalikda bormayapti.

- Biz egallab turgan o'rnimizga loyiq emasmiz. Omad negadir kelmayapti. "G'azalkent", "Sho'rtan", "Jayxun" klublari bilan mag'lubiyatga uchradik. Bazi uchrashuvlarda kutilmaganda durang qayd etdik. Hali hammasi oldinda, yana 13ta o'yinimiz bor. Asosiy raqobatchilarni bu safar uyda qabul qilamiz. Klubimiz o'z maqsadidan voz kechgani yo'q, biz Superligani niyat qilganmiz. Peshqadam bilan farqimiz 14 ochko bo'lib qoldi, futbolchilar va murabbiylar bilan yig'ilib birinchi davradagi ishtirokni tahlil qilib chiqamiz. Buyog'iga yana "boksing dey" ketadi, biz esa keyingi bahslarda o'zimizni ko'rsatishga harakat qilamiz.

- Yozgi transferlardan ko'nglingiz to'ldimi?

- Sifatli futbolchilarni qo'lga kiritdik deb o'ylayman. Yaqinda Najmiddin Normurodovni qo'shib oldik. Klubimiz rahbariyatiga rahmat: biz xohlagan o'yinchilarni olib berishdi. Endi buyog'iga faqat ishlash kerak.

- Nima uchundir "Metallurg" bitta relsga tusha olmayapti. Jamoaga nima yetishmayapti?
- Oxirgi uchta o'yinimizni oladigan bo'lsak, turli natijalar qayd etdik. "G'azalkent" bilan o'yinni olaylik, 2:0 hisobida oldinda boraturib yakunda yutqazib qo'yganimizni haligacha hazm qilolmayapman. Agar zaxiradan biz murabbiylar tushganimizda ham uchta gol qo'yib yubormasdik. So'ngra "Lochin"ni yutdik, lekin bugun yana yutqazdik. Superligaga chiqish bo'yicha da'vogarlar qatorida "Aral" qatori o'zimizni ham ko'ryapman. Kerakli futbolchilarni olib bo'ldik, boshqa transfer qilmaymiz. Buyog'iga qo'l ostimizdagi mavjud tarkib bilan o'zimizni ko'rsatishga harakat qilamiz. Biz uchun ortga yo'l qolmadi.

O'xshash yangiliklar


AdministratorMuallif
Manba: championat.asia