Ilhom Mo'minjonov: "Futbolchilarimiz ko'zi yonmadi"

Aslanov Jasurbek
5 may 2026, 21:34
Proliga 7-turdan o'rin olgan "Jayxun" – "Metallurg" uchrashuvi 2:0 hisobida yakun topdi.

O'yindan keyin "Metallurg" bosh murabbiyi Ilhom Mo'minjonov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Avvalo raqibni g'alaba bilan tabriklayman. Bugun "Jayxun" g'alabaga haqli o'yin namoyish etdi. Bizning esa o'yinimiz qovushmadi, 11 metrlik zarbani ham amalga oshira olmadik. Jamoamiz tajribali futbolchilardan iborat, urilmagan penalti qattiq ta’sir qildi shekilli ruhan bo'shashib qoldik. Keyin qo'pol xatolar evaziga gol o'tkazdik.

- Salbiy natija qayd etilishiga asosiy sabab nima?

- Hozir aytib o'tganimdek, raqibda xohish juda yuqori edi. Futbolchilarda batereya quvvati 100 foiz ekan, tinmay yugurishdi. Men maydonni yoki boshqa narsani gapirib bahona qilmoqchi emasman. Bizga g'alaba juda zarur edi, lekin xatolar golga olib keldi. Futbolni aldab bo'lmaydi, kuchli istaksiz o'yinlarni yutib bo'lmaydi. Futbolchilarimiz ko'zi yonmadi.

- Qaysi o'zgarishlar o'z samarasini berdi?

- Zaxiradan tushganlar ham yaxshi harakat qilishdi. Hisob 1:0 payti uchta o'zgarish qildik, 2:0 bo'lgach yana ikkita o'zgarishni amalga oshirdik. Zaxiradan tushganlar ham harakat qildi. Vaziyatlar bo'ldi, lekin to'p darvozaga kirmadi. Havoni yoki maydonni bahona qila olmaymiz. Proligada shunaqa o'yinlarni yutib Superligaga chiqish kerak.

- Ikkinchi taymda jamoangiz feyr pleyga amal qilmadi.

-Endi mag'lubiyatga uchrab turganda futbolchilar asabiy bo'ladi va bu paytda feyr pley ham esdan chiqib ketadi. Bu futbolda normal holat. Bundan vahima yasash kerak emas deb o'ylayman. Hamma tezroq gol ursam deydi.

- Jamoa bu mag'lubiyatdan qanday xulosa chiqaradi?

- Hozircha kiyim almashtirish xonasida futbolchilarga indamadim. Uyga qaytgach o'yinni tahlil qilamiz. Shu bilan Proligada uch hafta tanaffus bo'ladi va o'z kuchimizni Kubokda sinab ko'ramiz.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia