

Yakunda Lyov taklifni rad qildi. Ayni paytda Timur Kapadze O'zbekiston terma jamoasi ustozi hisoblanadi. Bu holat bo'yicha o'tmishning yorqin yulduzi Igor Shkvirin fikrlarini bildirdi. Lekin O'FA xorijlik mutaxassis izlashda davom etyapti.
"Milliy terma jamoaga kelsak, Lyov taklifni qabul qilishi mumkinligiga ishonmagandim. Biz Saudiya Arabistoni emasmiz. Boshqa tomondan Germaniya va O'zbekiston darajasida farq bor. Faqatgina qarorni hozir qabul qilish kerak. Bizga xorijlik murabbiy kerakmi yoki yo'q, chunki kim kelsa ham terma jamoani, futbolchilarni o'rganishga vaqt kerak bo'ladi. Timur Kapadze barcha futbolchilarni biladi, to'g'ri tajribasi kam, ammo oxirgi o'yinlar orqali munosibligini ko'rsata oldi. Rahbariyat unga ishonadimi yoki yo'q, bu masala ham bor. Balki xorijdan maslahatchi, yordamchi jalb qilinishi kerakdir. Jahon chempionati umuman boshqa daraja, o'zgacha munosabat talab qilinadigan musobaqa",- deydi Shkvirin.



