

The Athletic xabariga ko'ra, FairSquare nodavlat huquqni muhofaza qilish tashkiloti FIFAning boshqaruv, audit va normativ talablarga rioya etish qo'mitasiga maktub yo'llab, Infantinoni 2027 yil mart oyida bo'lib o'tadigan prezidentlik saylovlarida o'z nomzodini qo'yish huquqidan mahrum qilishni so'radi. Chunki amaaldagi muddat shveytsariyalik amaldor uchun prezidentlik lavozimidagi uchinchi muddat hisoblanadi – reglamentga ko'ra, FIFA rahbarining vakolat muddati uch muddat bilan cheklangan.
Shu bilan birga, 2022 yilda qo'mita Xalqaro futbol federatsiyasi rahbari sifatidagi Infantinoning birinchi muddati hisobga olinmasligi haqida qaror qabul qilgan edi, chunki u Yozef Blatterning muddatidan oldin to'xtatilgan boshqaruv davrini yakunlab qo'yayotgan edi.
"Biz sizga janob Infantino o'zning uchinchi va so'nggi muddatini o'tayotganligi sababli uni FIFA prezidenti lavozimiga nomzodini qo'yish huquqidan mahrum qilishni so'rab murojaat qilamiz. Boshqaruv, audit va normativ talablarga rioya etish qo'mitasining uning birinchi vakolat muddatini bekor qilish haqidagi oldingi qarori FIFAning prezidentlik muddatini cheklash qonuni mazmuni va maqsadini yaqqol buzadi.
Na nizom, na FIFA boshqaruv qoidalari prezidentlik muddati to'rt yilgacha davom etmagan taqdirda uni hisobga olmaslik mumkinligini nazarda tutmaydi.
Nizomda hech qanday farqlashlarsiz "hech bir shaxs prezident lavozimini uch muddatdan ortiq egallashi mumkin emas" deb ochiqdan-ochiq yozilgan. Bu qoidaning mazmuni aniq va to'liq yoki to'liq bo'lmagan vakolat muddatiga yoki saylovlar bo'lib o'tgan kongress turiga – navbatdagi yoki navbatdan tashqari ekanligiga asoslangan hech qanday istisnolarni nazarda tutmaydi. Lavozimda bo'lgan ilk uch yilni hisobga olmaydigan talqin shuningdek bu qoidaning ruhi va maqsadiga ham zid kelardi", – deyiladi maktub matnida.
Bundan tashqari, FairSquare Infantino keyingi muddat tugaguniga qadar navbatdan tashqari saylovlarni tayinlash orqali o'z vakolatlarini uzaytirish uchun yana shunday talqindan foydalanishi mumkinligidan xavotir bildirdi.
Eslatib o'tamiz, o'tgan yilning dekabr oyida tashkilot FIFA etika qo'mitasiga Infantinoning Donald Tramp bilan aloqalari va AQSH prezidentiga FIFA Tinchlik mukofoti topshirilgani sababli siyosiy betaraflik buzilganligi yuzasidan shikoyat qilgan edi. Keyinchalik bu shikoyatni Norvegiya futbol assotsiatsiyasi qo'llab-quvvatladi.



