UEFA, OFK va KONKAKAF FIFAga murojaat qildi: “Futbol bir insonga yoki bir tashkilotga emas, barchaga tegishli”

Sherzod Nurmatov
10 avg 2026, 16:50
Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA), Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) hamda Shimoliy, Markaziy Amerika va Karib havzasi mamlakatlari futbol konfederatsiyasi (KONKAKAF) Xalqaro futbol federatsiyasiga (FIFA) ochiq xat bilan murojaat qilishdi.

“Futbol - dunyodagi eng buyuk umumiy ishtiyoq. U hech bir insonga va hech bir tashkilotga tegishli emas. Munozara pul yoki kelishilgan qarorlarni qayta ko'rib chiqish haqida emas, balki o'yin va uning rahbarlarining halolligi haqida bormoqda. Futbolga rahbarlik qilish bu shaxsiy mulk emas. Gap hokimiyatni ushlab turish yoki uni talab qilishda ham emas. Bu ushbu vakolatni ishonchi bilan topshirgan butun futbol oilasiga xizmat qilish burchidir.

FIFAning yaqinda o'z vice-prezidentlari va 211 ta a'zo assotsiatsiyasiga yo'llagan xatida [Jahon chempionatlari huquqlarini xususiy investorlarga sotish mumkinligi haqidagi taklif] jarayonida xatolarga yo'l qo'yilgani tan olingan. Bu shunchaki muloqotdagi uzilish deb taqdim etilmoqda, vaholanki, futbol aslida sog'lom fikrlashdagi uzilishning guvohi bo'ldi. Qisqa muddatlarda, mazmunli maslahatlashuvlarsiz ilgari surilgan va a'zo assotsiatsiyalar uning shartlarini atroflicha o'rganib chiqishga ulgurmaslaridan oldin yakuniy muddatga bosilgan bu taklif - tasodifiy e'tiborsizlik natijasi emas, balki nazoratni cheklashga qaratilgan aniq puxta rejaning oqibati.

Hisobdorlik bo'lishi kerak bo'lgan joyda - sukunat, ochiqlik bo'lishi kerak bo'lgan joyda esa - begonalashuv hukmron. Futbolning kuchi har doim uning birdamligida bo'lgan. Biz futbolga bo'yruq berishga emas, balki unga xizmat qilishga qaratilgan boshqaruv nomidan ushbu birdamlikni hurmat qilishga chaqiramiz”, – deyiladi bayonotda.

UEFA, OFK va KONKAKAF Jahon chempionati huquqlarini xususiy investorlarga sotish tashabbuskori bo'lgan FIFA rahbari Janni Infantinoning xatti-harakatlari bo'yicha mustaqil tekshiruv o'tkazishga chaqirdi.

28 iyul kuni FIFA tashkilotning media va tijorat huquqlarini, jumladan, JCH huquqlarini topshirish hamda uning to'rtdan bir qismini xususiy investorlarga 4,2 milliard dollarga sotish rejalashtirilgan yangi tuzilmaga asos solish niyatida ekanini ma'lum qilgandi. Bu taklifni UEFA, KONKAKAF, OFK va KONMEBOL rad etdi. Keyinchalik FIFA rahbari Janni Infantino ushbu loyihadan voz kechilganini e'lon qildi.

O'xshash yangiliklar


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: ESPN