Eshli Koul Italiya klubi bosh murabbiyi etib tayinlandi

Sherzod Nurmatov
16 mar 2026
"Arsenal" va "Chelsi" sobiq himoyachisi Eshli Koul B Seriyada ishtirok etayotgan "Chezena" jamoasi boshqaruvini qo'lga oldi.

Bu haqda klub matbuot xizmati ma'lum qildi.

45 yoshli mutaxassis bilan tuzilgan shartnoma 2026 yilning 30 iyunigacha mo'ljallangan bo'lib, uni uzaytirish imkoniyati ham mavjud. Bundan avval Koul murabbiylik faoliyatida "Chelsi" yoshlar jamoasi bilan ishlagan, shuningdek, Angliya yoshlar va asosiy terma jamoalarida, "Everton", "Chelsi" va "Birmingem" klublarida murabbiy assistenti bo'lib ishlagan.

30 turdan so'ng "Chezena" B Seriya turnir jadvalida 40 ochko bilan 8-o'rinni egallab turibdi.

Futbolchilik faoliyati davomida Koul "Arsenal" bilan ikki marta Angliya chempioni bo'lgan, uch marta mamlakat kubogini va ikki marta Superkubokni qo'lga kiritgan. "Chelsi" bilan esa Angliya chempionligi, to'rtta Angliya Kubogi, Liga Kubogi, mamlakat Superkubogi, Chempionlar Ligasi va Yevropa Ligasida g'olib chiqqan. U APLda jami 384 o'yin o'tkazib, 15 ta gol urgan. Angliya terma jamoasi safida esa 107 bahsda maydonga tushgan.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: cesenafc.com