

Aprel oyi oxirida Taj boshchiligidagi Eron delegaciyasi FIFA kongressida ishtirok etish uchun Vankuverga uchib kelgandi, biroq "immigraciya hukumatining hurmatsiz munosabati sababli" vataniga qaytishga qaror qilgan.
Kanada immigraciya vaziri Lena Metledj Diab keyinchalik Eron futbol federatsiyasi rahbarining vizasi u samolyotda bo'lgan vaqtida, uning Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) bilan aloqalari tufayli bekor qilinganini tasdiqladi.
"U erga borishimiz uchun tizimimiz ramzlarini, ayniqsa Islom inqilobi muhofizlari korpusini haqorat qilishga haqlari yo'qligi haqida bizga kafolat kerak. Ular bunga jiddiy e'tibor qaratishlari lozim. Agar ular shunday kafolat berishsa va majburiyat olishsa, Kanadada sodir bo'lgan voqea kabi holatlar boshqa takrorlanmaydi.
Biz yo'llanma olgan Jahon chempionatiga boryapmiz, bizni qabul qiluvchi tomon esa janob Tramp yoki Amerika emas, balki FIFA hisoblanadi. Agar ular bizni qabul qilishga rozi bo'lishsa, harbiy institutlarimizni hech qanday tarzda haqorat qilmasliklarini ham tan olishlari kerak. Chunki, agar ular shunday qilishsa, tabiiyki, bu Kanadadagidek vaziyatga olib kelishi mumkin – va o'shanda biz orqaga qaytishimizga to'g'ri keladi.
Shu sababli, u erga xotirjam borishimiz uchun mana shunday kafolatlar berilishi shart", – dedi Taj IRIB nashriga bergan intervyusida.
JCH-2026 musobaqasi 11 iyundan 19 iyulgacha AQSH, Kanada va Meksikada bo'lib o'tadi.
AQSH 2019 yilda IIMKni terrorchi tashkilotlar ro'yxatiga kiritgan. Kanada esa xuddi shu ishni 2024 yilda amalga oshirgan.



