

O'yindan keyin "Lochin" bosh murabbiyi Eldor Moyliev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- O'yin haqida fikringiz?
- Birinchi bo'limda ham, ikkinchi taymda ham tezkor gol o'tkazib, o'zimizga o'zimiz qiyin vaziyat hosil qildik. "Aral" 5-4-1 sxemasi bo'yicha himoyalanishini bilardik. Biz bugun o'z o'yinimizni unchalik ko'rsata olmadik.
- O'tkazib yuborilgan ikkinchi golda darvozabon to'pga kechikdi deb hisoblaysizmi?
- O'yindan keyin darvozabonimiz bilan gaplashdim. O'sha vaziyatda to'pni urib yuborsa ham bo'lardi, lekin ushlab olaman deb o'ziga ishondi. Lekin ushlay olmadi va gol bo'ldi. Bu o'rinda faqat darvozabonni ayblashdan yiroqman, to'p o'tkazsak butun jamoa xato qilgan bo'ladi. Shunga qaramay, futbolchilarga ikkinchi taym uchun hamda durang uchun rahmat aytib qolaman.
- Birinchi taymdagi o'tkazilgan gol haqida?
- "Aral"dan tezroq to'pni olib qo'yishimiz kerak edi, lekin bu vaziyatda xatoga yo'l qo'ydik. O'sha holatda himoyachilarimiz yoyilib ketgandi.
- Bahs oxirlarida qo'lga kiritilgan durangni g'alabaga tenglashtirsa bo'ladimi?
- To'g'risi, faqat g'alabani ko'zlab maydonga chiqqandik. Afsuski, o'tkazib yuborilgan gollar vazifamizni qiyinlashtirdi. Lekin baribir mag'lubiyatdan ko'ra durang yaxshi. Shu jihatdan g'alabaga teng desa bo'ladi.
- "Aral" Nukusda sun'iy maydonda o'ynaydi, safar o'yiniga avtobusda kelyapti, tig'iz taqvim ostida o'yinlarni o'tkazyapti. Shu jihatdan kelib chiqib "Aral"ning tarkibi, maqsadi "Lochin" bilan solishtirganda qanday?
- "Aral" jamoasi necha yildan beri Superligani ko'zlayotganini bilamiz. Murabbiyi ham ancha tajribali. Qoraqalpoq xalqi futbolni juda yaxshi ko'radi, o'yinchilari ham kurashuvchan. Bu tomonlama qoyil qolish kerak. Agar hisob 0:0 bo'lib turganida 70-daqiqadan so'ng umuman boshqacha o'yin namoyish etgan bo'lardik. Chunki raqibda toliqish yuzaga kelib, hududlar ochilib qolardi. Jamoamiz futbolchilarida xohish katta. Mana biz doim "Lochin"dan Superliga darajasidagi futbolchilar chiqishi kerak deymiz. Qachon chiqadi? Qachonki yuqori o'rinlarda yursak. Shundan so'ng bizga Superliga klublari e'tibor qaratishni boshlaydi.
- Nukusga borgach, sun'iy maydonda "Aral"ga qarshi qanday taktikani qo'llaysiz?
- Yaqinda "Jayxun" bilan o'ynab keldik. Maydon holati juda og'ir, maydon qattiqligidan to'pni ushlash qiyin. U yerda oddiy futbol o'ynashga harakat qilamiz.



