Eldor Adhamov: "Islom Ahmedov kelgach, bosimdan xalos bo'ldik. Hali hammasi mukammal emas, lekin o'sishni hamma ko'rib turibdi"

Aslanov Jasurbek
29 apr 2026, 18:00
"Andijon" jamoasi kecha Superliga doirasida "Dinamo"ni qabul qildi (2:1).

Uchrashuvdan so'ng "burgutlar" posboni Eldor Adhamov fikrlarini bildirdi.

- "Dinamo"ga qarshi o'tkazilgan so'nggi uchrashuv haqidagi fikringiz qanday? Hissiyotlar biroz bosilib, o'yinga sovuqqonlik bilan baho berish imkoni tug'ilgach, uchrashuv borasidagi xulosalaringiz o'zgardimi?

- "Dinamo" bilan bahs eng og'ir o'yinlardan biri bo'lishini bilardik. Turnir jadvalida yonma-yon borayotgandik, ustiga-ustak, so'nggi ikki o'yindagi yaxshi natijalardan keyin muxlislar bizdan faqat g'alaba kutayotgandi. Albatta, bu o'z maydonimizda qo'shimcha bosim yaratdi. Ammo, Xudoga shukur, maqsadimizga etdik.

Eng muhimi, hisob 0:1 bo'lib turgan paytda ham jamoadagilarning bir-biriga bo'lgan ishonchi juda yuqori edi. Biz sarosimaga tushmadik, aksincha, o'yinda raqibdan kuchliroq ekanimizni isbotlashga intildik va bu o'z samarasini berdi.

- Muxlislarni qiziqtirayotgan eng asosiy savollardan biri: jamoa so'nggi uchta o'yinda muhim ochkolarni qo'lga kiritishga erishdi. Sizningcha, bu ijobiy o'zgarishga nima turtki bo'ldi: taktik yondashuvdagi yangilikmi yoki jamoaviy ruhiyatning yuqoriligimi?

- Islom Ahmedov boshchiligidagi murabbiylar shtabi ish boshlagach, jamoamiz og'ir bosimdan xalos bo'ldi. Hozir bor e'tiborimizni faqat o'yin sifatiga qaratganmiz. Jamoamizda mahoratli yigitlar ko'p, murabbiylar esa har birimizdan to'g'ri foydalanish yo'llarini izlashyapti. Eng muhimi - tarkibda sog'lom raqobat paydo bo'ldi. Mashg'ulotlar juda yuqori kayfiyat va ishtiyoq bilan o'tyapti. Har kim asosiy tarkibda o'ynashga haqli ekanini isbotlashga intilyapti. Jamoamizda ishonch uyg'ondi, biz yuqori o'rinlar uchun kurasha olamiz. To'g'ri, atigi uchta o'yinda hammasini mukammal darajaga olib chiqish qiyin, lekin jamoa o'sishda davom etayotganini barcha ko'rib turibdi

- Murabbiylar shtabi sizga katta ishonch bildirmoqda va siz maydonda buni oqlashga harakat qilyapsiz. Murabbiyning bunday ko'magi va ishonchi o'yin davomida sizga qay darajada mas'uliyat yoki erkinlik bag'ishlaydi?

- Asosiy tarkibda tushishimni "Qo'qon-1912" bilan o'yin kuni bildim. Biz professionalmiz. Har qanday holatda ham to'p tepishga tayyor turaman. O'sha bahsda omadim keldi deb o'ylayman. Bizda darvoza chizig'ida raqobat kuchli. Futbolchi o'ziga berilgan kichik imkoniyatdan ham foydalana olishi kerak.

- Oldinda "Xorazm" va "Surxon"ga qarshi o'yinlar kutib turibdi. Jamoadagi kichik "krizis" ortda qoldi, deb ayta olamizmi? Futbolchilar ruhiy jihatdan tiklanib bo'ldimi?

- Chempionat oxirigacha kurashishimiz kerak. Mavsum to'liq yakunlangachgina xotirjamlikka berilishimiz mumkin. Har turda har qanday raqib kutilmagan sovg'alar taqdim qilyapti. Oson bo'lmasligi aniq. Ustunlikni qo'lga olishga harakat qilamiz. Oldindagi 2 ta o'yinda 6 ochko olishga ko'zimiz etadi.

- 5-6 yildan buyon "Andijon" sharafini himoya qilib kelyapsiz. Zamonaviy futbolda har mavsum jamoa almashtirish odatiy tus olgan bir paytda, sizning bu doimiyligingiz nima bilan bog'liq? Bu "Andijon"ga bo'lgan shaxsiy sadoqatingizmi yoki jamoadagi muhit va qulayliklar sizni to'liq qoniqtiradi?

- Bu haqda ko'p o'ylab ko'rganman. 2025 yilda ko'plab klublardan chorlovlar bo'ldi, lekin OCHL-2 turnirida o'ynash ishtiyoqi barchasidan ustun turdi. Bu turnir orqali o'z darajamni ko'rsatish imkonim bor edi. Garchi jarohatlar tufayli ma'lum vaqt maydondan chetda qolgan bo'lsam-da, yana tiklanib qaytdim. To'g'risini aytsam, bu mavsum boshlanishidan oldin jamoadan ketishim aniq bo'lib turgandi, hatto boshqa bir klub bilan kelishib ham qo'ygandim. Biroq "Andijon"da chempionlikka da'vogar jamoa yig'ilayotganini ko'rib, qolishga qaror qildim. Hozir oldimizda imkoniyatlarimiz etarli va biz yaxshi o'rinlar uchun jiddiy kurash olib boramiz


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia