Doniyor Abdumannopov: "Andijon" futbolchilari och qoldi? Bu gapning o'zi kulguli"

Aslanov Jasurbek
14 iyun 2021
Yorqin Nazarov murabbiyligidagi "Andijon" jamoasi kecha Qirg'izistonning "Kaganat" jamoasiga qarshi o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi.

Ushbu uchrashuvdan so'ng jamoaning yetakchilaridan biri Doniyor Abdumannopovni suhbatga chorladik. 

-  Superliganing aksariyat jamoalarining hozirgi holati mavsum boshidagi harakatlariga, maqsadlarga mos emasdek ko'rinmoqda. Xususan "Andijon"da ham...  

- Maqsadni katta qo'ygan yaxshi. "Andijon" ham o'z oldiga jiddiy maqsadlarni qo'ygan. Lekin natijaga kelganda nimadir etishmayapti. Vaziyatni o'zgartirishga harakat qilamiz. Ketma-ket ijobiy natijalar qayd etsak, kayfiyat va ruhiyat o'z-o'zidan o'zgaradi. 

- Klubdagi tashkiliy ishlar qanday? Eshitishimizga qaraganda jamoa safar o'yinlarida mehmonxona bilan bog'liq muammolarga uchragan, hattoki och qolib ketgan. Balki Superligadagi qoniqarsiz ishtirok sabab shunday gap-so'zlar tarqalayotgandir...

- Ko'rsatkichlarimiz yaxshi bo'lmagandan keyin bunday mish-mishlar tarqalishi tabiiy. Sizni ishontirib aytamanki, "Andijon"da maosh va tashkilotchilik borasida muammo yo'q. Hammasi joyida, maoshlar vaqtida berilmoqda. Och qolib ketdi, degan gaplar ozgina kulguli. "Andijon" professional klub hisoblanadi. 

- Bir oylik tanaffus davomida futbolchilar bir jamoa sifatida qanchalik jipslashdi? So'nggi to'rtta turda boshqacha "Andijon"ni ko'ramizmi?

- Jamoamizda ichki muhit yaxshi. Tanaffusdan foydalanib jismoniy va ruhiy jihatdan ancha o'zimizga kelib oldik. Natijaga erisha oladigan jamoa sifatida kuchli bo'lib qaytamiz.

- Qishda Qatar va Belarus chempionatlaridan takliflar bo'lgandi. Mazkur masalaga davralar oralig'ida yana qaytasizmi?

-  Hozirda bor e'tiborim "Andijon"ga qaratilgan, mashg'ulotlarda astoydil ishlamoqdaman. Legionerga aylanishim masalasini klub hal qiladi. Amaldagi shartnomam yil oxirigacha mo'ljallangan. 

- Yevropa chempionatida kimga muxlislik qilyapsiz?

- Har to'rt yillikning nufuzli turnirini kuzatib boraman. Yevropa chempionati Jahon chempionatidan keyin ikkinchi o'rinda turadi. Bunday musobaqani ko'rmasdan iloj yo'q. Belgiya terma jamoasi ishtirokidagi uchrashuvlarni ko'raman. Roberto Martines shogirdlari yaxshi start olishdi. 


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia